“Afrosiyob” elektropoyezdining Kattaqo‘rg‘on bekati tashkil etiladi. Bu haqda Samarqand shahr hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu prezidentning 2024-yil 29-noyabrda qabul qilgan tegishli qarori bilan tasdiqlangan viloyat tuman va shaharlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturida ko‘zda tutilgan. Biroq, hujjat ochiq manbalarda mavjud emas.

Transport vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari"ga 2025-yilda “Afrosiyob” poyezdining “Toshkent-Buxoro” yo‘nalishida Kattaqo‘rg‘on punktiga to‘xtab o‘tishini hamda “Samarqand-Kattaqo‘rg‘on” elektr poyezdi yo‘nalishlarini tashkil etish vazifalari topshirilgan.

Shuningdek, “Bulung‘ur-Samarqand-Juma-Kattaqo‘rg‘on” yo‘nalishida elektr poyezdi qatnovini yo‘lga qo‘yish belgilangan. Buning uchun poyezd vagonlarini olib kelish, oraliq to‘xtash temiryo‘l bekatlari infratuzilmasini yaxshilash rejalashtirilgan.

Dekabr oyida Buxoro-Urganch-Xiva temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish ishlarini yakunlash doirasida bitta yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdi sinovdan o‘tkazildi.