Prezident Bojxona kodeksini Jahon savdo tashkiloti talablariga moslashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bu haqda prezidentning 27-dekabrda qabul qilingan farmoni yo‘l xaritasida keltirilgan.
Hujjatda aytilishicha, Bojxona kodeksi loyihasi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari bilan birgalikda ko‘rib chiqilishi kerak hamda takliflar asosida loyihani takomillashtirish belgilangan. Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Bojxona qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi va parlament mas’ul organlar etib tayinlandi.
Shuningdek, JST talablariga muvofiq, eksport bojlarini joriy etish orqali ayrim turdagi tovarlar eksportiga cheklovlarni bekor qilish bo‘yicha topshiriq berildi. Vazirlar Mahkamasi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi 2025-yilning fevraligacha prezident farmoni loyihasini tayyorlashi kerak.
Bundan tashqari, hujjat bilan Farg‘ona viloyati va Qirg‘iziston chegarasida Quva tumanida joylashgan nazorat-o‘tkazish punkti faoliyatini qayta tiklash masalasini o‘rganish rejalashtirilgan. Zarur hollarda takliflar 2025-yilning avgustigacha kiritilishi mumkin.
Bundan tashqari, “AAA” reytingidagi tadbirkorlarga import qilishda bojxona to‘lovlarini kechiktirish yoki bo‘lib to‘lash imkoniyatini berishda ta’minlash chorasi sifatida bojxona organining shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga pul o‘tkazish to‘g‘risidagi talabni bekor qilish ko‘zda tutilgan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Bojxona qo‘mitasi 2025-yilning apreliga qadar normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishi kerak.
2024-yilning 20-dekabrida Shavkat Mirziyoyev JST va tadbirkorlar talablariga javob beradigan Bojxona kodeksining kompleks yangilangan loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bergandi.
Avvalroq “Spot” Vazirlar Mahkamasi tadbirkorlar uchun tariflarga 1,2 koeffitsientini qo‘llash shartlariga aniqlik kiritgani haqida yozgandi.