3-yanvar kuni “E-auksion"da Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Alisherobod mahallasiga qarashli yer uchastkasi bo‘yicha auksion o‘tkazildi.

Butun jarayon 10 daqiqadan sal ko‘proq vaqtni tashkil etdi. Yagona taklifni “Valid Trading” kompaniyasi amalga oshirdi.

Kompaniya lot uchun 522,7 mlrd so‘m yoki obyektning boshlang‘ich narxidan 5% ko‘p taklif kiritdi.

auksion, toshkent shahri, yer maydoni, Valid Trading

Bu yer Yangi O‘zbekiston, Binokor va Jasorat ko‘chalari oralig‘ida, qurilayotgan “Toshkent-Sharqiy” aeroporti qarshisida joylashgan bo‘lib, u 25,5 gektar maydonni egallaydi. Unga elektr energiyasi, ichimlik suvi va gaz tarmog‘i tortilgan.

Bu yerda 4−6 qavatli ko‘p qavatli uylar, ofislar, mehmonxonalar, savdo va maishiy obyektlar qurilishi ko‘zda tutilgan. Obyekt 49 yilga ijaraga beriladi, bunda savdo g‘olibi 15 ish kuni ichida dastlabki to‘lovni amalga oshirishi va summaning qolgan qismini uch yil ichida to‘lashi kerak.

Yerdan foydalanishda savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ofisi, mehmonxona, umumiy ovqatlanish xizmatlari, o‘rta qavatli turar-joy binolarini tashkil etish belgilangan.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent viloyati Zangiota tumanida 2019-yilda tashkil etilgan “Valid Trading” xususiy korxonasi ulgurji savdo bilan shug‘ullanadi. Ustav kapitali 1,04 mlrd so‘mni tashkil etadi, yagona ta’sischisi — Voris Abduvaliyev.

Shuningdek, Abduvaliyev oziq-ovqat va ichimliklar ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi Toshkent shahridagi “Gatter Group” MChJ rahbari hisoblanadi. Ravshan Djamilov va Fatxulla Sadikov mazkur kompaniyaning 29,3 mlrd so‘mlik ustav fondining ta’sischilaridir.

Avvalroq Xitoyning “Sheng-Ke International” kompaniyasi “Askiya” bozori majmuasi uchun auksionda g‘olib chiqqani haqida xabar berilgandi.