Shavkat Mirziyoyev 30-dekabr kuni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqladi. Prezident qarori Lex.uz ma’lumotlar bazasida e’lon qilindi.
Dala chetlarida, mahallalarning ichki ko‘chalarida, ko‘p qavatli uylar atrofida, yordamchi xo‘jaliklarda meva va sabzavotlar yetishtirishni rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan. Davlat rahbari noyabr oyi oxiridagi yig‘ilishda shu boradagi tegishli chora-tadbirlarni belgilab bergan edi.
Yangi yerlarda mahsulot yetishtirish ishlarini tashkil etish O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga yuklatiladi. U fermerlarga urug‘lik va ko‘chat yetkazib berish, yetishtirilgan mahsulotlarni eksport qilish uchun mas’uldir.
Agentlik yil davomida eksport qiluvchilarning daromadli ekinlar ekish va eksportga bo‘lgan ehtiyojini o‘rganib boradi. 1-yanvarga qadar u mahalliy aholining talabi, iqlimi va tajribasini hisobga olgan holda ekin turlari bo‘yicha takliflarni viloyatlar hokimliklari va Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashiga kiritadi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ekishni tashkil etish va yetishtirishning prognoz ko‘rsatkichlari bo‘yicha qarorlar 1-fevraldan kechiktirmay qabul qilinadi.
Agentlik 15-fevralga qadar urug‘lik va ko‘chat yetkazib beruvchilarni, shuningdek, mahsulotlarni xarid qilish uchun korxonalarni tanlab oladi.
Dala chetlaridagi yerlardan samarali foydalanayotgan ishlab chiqaruvchilar 1 yil davomida ichki fitosanitariya sertifikatini bepul olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Ularga urug‘lik, ko‘chatlar, o‘g‘itlar, agrokimyoviy moddalar va boshqa resurslar bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, fermerlarga “in vitro” usulida ekish uchun mevali daraxtlar payvandtaglarini xarid qilish xarajatlarining 50%igacha subsidiya beriladi. To‘lovlarning eng yuqori miqdori bitta payvandtag uchun 25 ming so‘mni tashkil etadi.
Bundan tashqari, suv ta’minotini tashkil etish uchun ularga nasos va quvurlar o‘rnatish xarajatlarining 50%igacha bank kartalariga o‘tkazib beriladigan imtiyozli kreditlar ajratiladi. Qarz muddati Markaziy bank asosiy stavkasidan 4% yuqori stavkada 1 yilni (6 oylik imtiyozli davr bilan) tashkil etadi.
Avvalroq fermerlarga barcha yerlari uchun yer solig‘ini ikki yilga bo‘lib to‘lashga ruxsat berilishi haqida xabar berilgandi.
Endi oilaviy tadbirkorlik dasturida 100 mln so‘mgacha kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi. Minitraktorda ishlovchilarga esa texnika uchun 30 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.