“UzAuto Motors” va “UzAuto Motors Powertrain” kompaniyasining sobiq bosh direktori Bo Andersson o‘zining “LinkedIn"dagi sahifasida davlat kompaniyalarida uch yildan ko‘proq davom etgan faoliyatini sarhisob qildi. Top-menejer bilan xayrlashuv 2024-yilning 27-dekabr kuni bo‘lib o‘tdi, uning ketish sabablari ochiqlanmagan.

Anderssonning so‘zlariga ko‘ra, 2021-yildan boshlab “UzAuto Motors” yillik ishlab chiqarish va sotish hajmini 60% — 400 ming donadan ortiqqa oshirdi, shuningdek, 4 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.

“Shu vaqt ichida biz “Chevrolet Tracker” va “Onix” modellarini muvaffaqiyatli sotuvga chiqardik va O‘zbekiston ketma-ket ikkinchi yil “Chevrolet"ning AQShdan keyingi ikkinchi yirik bozoriga aylandi” — deb yozadi top-menejer.

Andersson “mahalliy hukumat, „General Motors“ menejerlarining xalqaro jamoasi va ishtiyoqli xodimlar” tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidlab, o‘zi ishlagan kompaniyalar va “yangi O‘zbekistonning kelajagi juda porloq” ekanini bildirdi.

Boshqa yutuqlar qatorida u quyidagilarni ta’kidladi:

  • eng yaxshi tarmoq amaliyotlarini joriy etish;
  • samaradorlikning asosiy ko‘rsatkichlarini (KPI) aniqlash;
  • dilerlik dasturlarini ishlab chiqish;
  • qiymat zanjirini tahlil qilish, budjetni tuzishning qat’iy usullari va uzluksiz o‘lchash hamda hisobot jarayonlarini joriy etish.

“36 oy ichida tushumimizni deyarli 130%ga oshirdik. Yillik sof foyda o‘rtacha 7%dan oshdi, 2023-yilda esa bu 7,2%ni — $333 mlnni tashkil etdi”, — dedi Bo Andersson.

“UzAuto Motors"ning sobiq bosh direktori Yaponiyaning avtomobil detallari ishlab chiqaruvchi “Sanoh Industrial” kompaniyasiga rivojlanish va operatsion faoliyat bo‘yicha maslahatchi lavozimiga o‘tgan.

Bo Andersson kim?

Andersson 2021-yilning avgust oyida “UzAuto Motors” va “UzAuto Motors Powertrain” kompaniyalarida bosh direktor lavozimini egallagan. Bungacha u “General Motors” kompaniyasining xarid bo‘linmalarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan, “Gruppa GAZ” (2009−2013) va “AvtoVAZ” (2014−2016) kompaniyalarini boshqargan.

Anderson ishtirokidagi so‘nggi yig‘ilishda “UzAuto Motors” erishgan yutuqlar qayd etilgandi. Xususan, 2023-yilda kompaniya zavodlari 395 mingdan ortiq yoki oldingi yiliga nisbatan 20%ga ko‘p avtomobil ishlab chiqardi va O‘zbekiston “Chevrolet” brendi uchun ikkinchi muhim bozorga aylandi.

Avtomobil ishlab chiqaruvchisining o‘rtacha sof daromadi so‘nggi uch yilda 6%dan oshdi. Bundan tashqari, 2022-yil oxiri — 2023-yil boshida “UzAuto Motors” kompaniyasining qariyb 57 mlrd so‘mlik aksiyalarining birlamchi taklifi (IPO) bo‘lib o‘tdi.

Shu bilan birga, shu yilning sentabr oyida Andersson aksiyadorlar yig‘ilishining qaroriga ko‘ra, ish haqining 5%i miqdorida jarimaga tortildi. Bunga sabab korxonaning tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha debitorlik qarzdorligi bilan bog‘liq muammolar o‘z vaqtida hal etilmagani bo‘ldi.

Avvalroq “Spot” Saidazim Gulyamov “UzAuto Motors Powertrain” bosh direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlangani haqida xabar berilgandi.