Mis mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan ishlab chiqarilgan mis xomashyosiga chegirma berilishi mumkin. Bu haqda prezidentning 27-dekabrda qabul qilingan farmoni yo‘l xaritasida keltirilgan.
Hujjat bilan, “Olmaliq KMK” tomonidan ishlab chiqarilgan mis katodini birja savdolariga qo‘yishda uning boshlang‘ich narxiga misdan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarga chegirma berish belgilangan.
Bu bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va “O‘zeltexsanoat” 2025-yilning martigacha prezident qarori loyihasini ishlab chiqadi.
Shuningdek, naslchilik korxonalaridan xo‘jaliklarga jo‘jalarni yetkazib berishda yuk tashish uchun mo‘ljallangan motorli transport vositalari importiga bojxona bojini pasaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Fevralgacha Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Bojxona qo‘mitasi prezident qarori loyihasini ishlab chiqadi.
Bundan tashqari, mas’ul organlar 2025-yilning fevraligacha sut yetishtiruvchi chorva korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha prezident qarori loyihasini tayyorlashi kerak.
Savdo-sanoat palatasi, “Xalq banki” va “O‘zcharmsanoat” uyushmasiga charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish hamda Turkiya, Vetnam, Hindiston, Italiya, Portugaliya va Ispaniya kaabi mamlakatlarning yirik kompaniyalari bilan muzokaralar olib borish, ular bilan investitsiya va eksport kelishuvlarini tuzish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Avvalroq 36 turdagi mahsulotlar uchun bojxona bojining nol stavkasi muddati uzaytirilgani haqida xabar berilgandi. Bular qatorida import qilinadigan go‘sht, konservalar, sut mahsulotlari, mevalar va boshqa mahsulotlar bor