Avvalroq Buxoro viloyati IIB kiberxavfsizlik bo‘limi 17 yoshli yigitni 34 mlrd so‘mlik ($2,7 mln) noqonuniy kriptovalyuta muomalasi uchun qo‘lga olgani haqida xabar berganildi.
Viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi Murodjon Zuvurovga nisbatan ochilgan jinoyat ishini tugatdi. Bu haqda Ekologiya vazirligi maslahatchisi Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.
Buni “ajoyib yangilik” deya baham ko‘rgan sobiq deputatning qayd etishicha, hal qiluv qarorini chiqarishda Zuvurov ishi ijtimoiy xavfli emasligi hamda oilaviy ahvoli kabilar inobatga olingan.
Shuningdek, tergovchi podpolkovnik E.Qosimov uning oilada yolg‘iz farzand ekanligi, jinoyatni ochishda faol yordam berganligini, aybiga to‘liq iqror bo‘lgani va qilgan ishidan pushaymonligini ta’kidlagan.
“Quvonchlisi, bugun Murodjon timsolida minglab O‘zbekiston yoshlarining ruhi sindirilmadi, qaddi bukilmadi. Endi u jinoyatchi emas, haqiqiy qahramon”, — deb yozadi sobiq deputat.
Kusherbayev jinoyat ishining yopilishini “insonparvar yondoshuv” deb atadi hamda tergovchiga nisbatan o‘z minnatdorchiligini bildirgan.
Shuningdek, tergov jarayonida olingan bir dona “iPhone 15 Pro Max” telefoni Zuvurovga qaytarilishi, qolgan ashyoviy dalillar jinoyat ishi hujjatlari bilan birga saqlanishi belgilangan.
Qarordan ma’lum bo‘lishicha, u 2024-yilning may oyidan noyabrgacha “Binance” kripto-birjasidan ro‘yxatdan o‘tib, ilova orqali operatsiyalarni amalga oshirgan.
Xususan, davomli harakatlari bilan Murodjon Zuvurov jami 1 865 marotaba amaliyot bajarib, 17,33 mlrd so‘mlik USDT kriptovalyutasini sotib olib, jami 3 364 marotaba 17,34 mlrd so‘mlik kripto sotgan.
Gap nima haqida?
2024-yilning dekabr oyida Buxoroda noqonuniy tarzda kriptovalyuta orqali qariyb $2,7 mln ishlagan o‘smir ushlangani ma’lum qilindi. Holat yuzasidan Buxoro viloyati IIB tezkor-qidiruv xizmati kiberxavfsizlik xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Natijada, Murodjon Zuvurovga Jinoyat kodeksining 278−8-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlandi. Undan keyin, IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov holat yuzasidan munosabat bildirib, bu jinoyat ishi to‘g‘risida chiqishlar qilayotgan ayrim tarmoq foydalanuvchilarini o‘z harakatlari bilan jamoatchilikni chalg‘itmaslikka chaqirdi.
“Faollar ta’kidlagan “iqtidor” egasi oddiy “virtual valyutchik"lik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan”, deya qayd etdi G‘iyosov. Operatsiyalar tahlil qilinganda Zuvurov aylantirgan mablag‘larning aksariyat qismi pensiya, oylik, onlayn kredit kartalaridan kelib tushganligi ma’lum bo‘lgan.