O‘zbekistonda elektron sigaretalar muomalasini cheklash rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zLiDeP matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, partiya fraksiyasi a’zolari ayrim turdagi tamaki mahsulotlari, tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalari, jumladan, elektron sigaretalarning muomalasini taqiqlash hamda javobgarlik belgilashga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.
Tamaki va nikotin mahsulotlarining “zamonaviy” va “innovatsion” turlari, xususan, nikotinni yetkazib berish moslamalari, elektron sigaretalar va ularning suyuqliklari hamda qizdiriladigan tamaki mahsulotlarining mamlakatga noqonuniy olib kirilishi va aylanmasi ortayotgani ta’kidlandi. Ularning aholi, ayniqsa, yoshlar orasida iste’moli ko‘paydi.
Qonun loyihasi bilan mamlakat hududida ayrim turdagi tamaki mahsulotlari, elektron sigaretalarni ishlab chiqarish, tayyorlash, o‘tkazish maqsadida ularni saqlash, tashish yoki o‘tkazish taqiqlanmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston hududiga olib kirish yoki O‘zbekiston hududidan olib chiqishga nisbatan ta’sirchan chora sifatida ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanishini nazarda tutilmoqda.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi xabarida bu masala partiya tomonidan to‘rt yil oldin ko‘tarilgani, biroq yalpi yig‘ilishda bu haqdagi qonun loyihasi ko‘pchilik ovozi bilan faqat jamoat joylarida cheklash sharti bilan qabul qilingani ta’kidlandi.
“Millat genofondiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan bunday sigaretalar 32 davlatda taqiqlangan ekan, nima uchun biz cheklamasligimiz kerak? Kim nima desa desin, elektron sigaretalar qat’iy taqiqlanmas ekan, biz ushbu qonun loyihasiga qarshi ovoz beraveramiz”, — dedi Alisher Qodirov.
2024-yilning aprel oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasini muhokama qo‘ygandi. Unda elektron sigareta va chilimlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, sotish, O‘zbekistonga olib kirish/chiqish kabi harakatlar uchun BHMning 50−100 baravari (18,75−37,5 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llash taklif etilgandi.
Shu bilan birga, huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilish, ularni o‘z ixtiyori bilan topshirganlar esa javobgarlikdan ozod etish belgilangandi. Ma’muriy jazodan keyin ham huquqbuzarlik sodir etilganlar esa BHMning 200−400 baravari (75−150 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortilishi yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi.
Ko‘p miqdorda, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan harakatlar uchun 7−12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilash taklif etilgandi.
Avvalroq jismoniy shaxslar va kredit byurosi o‘rtasida ariza kiritish orqali kredit bitimini tuzishni taqiqlash tizimi joriy etilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.