Qozog‘iston “Darbaza-Maqtaaral” temir yo‘li qurilishini uch yil ichida yakunlashni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi “Samruk-Kazyna” milliy fondi.

Yangi liniya O‘zbekiston bilan chegara orqali yuk tashish hajmini oshirish hamda “Sariag‘ash-Toshkent” chegara o‘tkazish punkti yukini kamaytirishga qaratilgan. Shuningdek, tarmoq Turkiston viloyatining chekka hududlarini Qozog‘istonning boshqa hududlari bilan bog‘lash imkonini beradi.

Loyiha qiymati 286 mlrd tengega ($545,7 mln) baholanmoqda. Tarmoqni ishga tushirish esa 2027-yilga mo‘ljallangan.

Yangi temir yo‘l uchun zarur bo‘lgan 203 km rels shpalli panjaraning yarmi yoki 100 km ga yaqini yig‘ildi. Bajarilgan yer ishlari hajmi 15% (1,4 mln kub metr) ni tashkil etdi.

Loyihani amalga oshirishda 70 nafardan ortiq mutaxassislar ishtirok etmoqda. Qurilish davomida jami 3 400ta ish o‘rni yaratiladi, qurilish yakunlangach, 500 nafardan ortiq aholi doimiy ish bilan ta’minlanadi.

Tarmoq qurilishi 2023-yilning noyabr oyida boshlangan. O‘shanda yangi liniya O‘zbekistonga yukni tashish, shuningdek, Tojikiston, Afg‘oniston va Eronga tranzitni tezlashtirishga imkon berishi ta’kidlangandi. Shuningdek, mamlakatlar o‘rtasida yo‘lovchi poyezdlari qatnovi ham kengaytiriladi.

Avvalroq, 27-dekabr kuni Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi boshlangani haqida xabar berilgandi. Mazkur yo‘nalishda yiliga 15 mln tonna yuk tashish, kelgusida yo‘lovchi poyezdlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.