Nyu-York AQSh shaharlari orasida birinchi bo‘lib tirbandlik hududiga kirish uchun to‘lovni joriy qildi. Bu haqda “BBC News” xabar bermoqda.

5-yanvardan boshlab Manxetten markaziga 60-ko‘chadan janubda tig‘iz vaqtda kirayotgan haydovchilar $9 to‘lashlari kerak. Ushbu yangilikni joriy etishdan ko‘zlangan maqsad — yo‘llardagi tirbandlikni kamaytirish va jamoat transportini rivojlantirish uchun qo‘shimcha mablag‘ to‘plashdir.

Nyu-York ketma-ket ikkinchi yil dunyoda yo‘llarning eng tirbandligi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallamoqda. Ertalabki tig‘iz paytlarda Manxetten markazida avtomobillarning harakatlanish tezligi soatiga 17 kilometrdan oshmagan.

Pullik kirish orqali shahar markazidagi avtomobillar soni kuniga kamida 80 mingtaga kamayishi kutilmoqda. To‘lov avtomatik tarzda, raqamlarni tanib olish kameralari yordamida olinadi.

Kirish narxi kunning vaqti va transport vositasining turiga qarab o‘zgaradi: tungi paytda $2,25dan boshlab, tiqilinch soatlarda $9gacha. Bu tariflar 2028-yilgacha amal qiladi, shundan keyin ularni qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda.

Bunday chora joriy qilinganiga qaramay, bu chora-tadbirlar aholining bir qismida norozilikni keltirib chiqardi. Nyu-York taksi haydovchilari uyushmasi haydovchilar uchun qo‘shimcha xarajatlarni ro‘kach qilib, ushbu tashabbusga qarshi chiqdi.

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp kirish uchun to‘lov joriy etilishiga faol qarshi chiqdi. U lavozimga kirishishi bilan bu sxemani bekor qilishga va’da berdi.

Boshqa yirik shaharlarda ham tirbandlik paytlarda yo‘l haqi to‘lashning elektron tizimlari mavjud. Bunday tizimni birinchi bo‘lib Singapur 1998-yilda joriy etgan, London markazida esa u 2003-yildan beri amalda. Shuningdek, shunday tizimlar Shvetsiyaning Stokgolm va Gyoteborg shaharlarida ham mavjud.


Avvalroq “Spot” O‘zbekistonda avtobus yo‘lagida qoida buzganlar uchun jarima joriy etish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.

Bu harakatni birinchi marta sodir etganlik uchun 1,12 mln so‘m, bir yil ichida takror kuzatilsa, 1,87 mln so‘m miqdorida jarima belgilanadi.