2025-yilning 1-yanvaridan boshlab Toshkent shahrida avtobuslar salonida naqd pul qabul qilish amaliyoti to‘xtatildi.

Endilikda to‘lovlar faqat elektron qabul qilinmoqda hamda naqd pulda to‘lovlarni amalga oshirish uchun bekatlar yonidagi infokiosklar orqali bir martalik QR-chiptalarni olish kerak. Ularni hozirda “Paynet”, “MultiPay” va “Oson” to‘lov qurilmalari orqali xarid qilish mumkin.

Yangi tartib joriy etilgach, ijtimoiy tarmoqlarda bir martalik QR-chipta xarid qilishda xatoliklar kuzatilayotganligi haqida xabarlar tarqaldi. Bu bo‘yicha Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, infokiosklarda yuzaga kelayotgan xatoliklar ulardagi qog‘oz tugab qolishi hamda printerdagi nosozliklar bilan bog‘liq.

Boshqarma bunday holatlar kuzatilganda, infokiosklarda QR-chiptani telefonga suratga olib, suratdagi QR-kod bilan avtobusdagi validatorga skanerlash orqali qatnovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratilganligini ma’lum qildi.

“Bugungi kunda infokiosklar bilan bog‘liq texnik nosozliklarni xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan bartaraf etish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, “ATTO” ilovasida virtual karta ochib, u orqali ham to‘lovlarni amalga oshirish mumkinligi bildirildi. Bundan tashqari, bank va transport kartalari orqali amalga oshirilgan elektron to‘lovlar uchun 1700 so‘m olinadi.

Agar infokiosklardan foydalanish jarayonida muammolar kuzatilsa, ularda ko‘rsatilgan aloqa markazlariga infokiosk oldidan ketmasdan murojaat qilish mumkin.

2024-yilning oktabr oyida Toshkentda avtobuslarda naqd pul to‘lovlaridan voz kechish rejalari haqida transport vaziri Ilhom Mahkamov ma’lum qilgandi. Chiptalarni o‘qish uchun barcha avtobuslarga maxsus moslamalar o‘rnatilishi aytilgan.

Noyabr oyida poytaxt jamoat transportida yo‘lkira haqining cheklangan tariflarini joriy etishni nazarda tutuvchi poytaxt hokimining qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Dekabrga kelib, yangi tariflar tasdiqlandi.