Samarqand viloyatida qariyb 1,33 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Bu haqda “Hududgazta'minot” matbuot xizmati xabar berdi.

“Hududgaz Samarqand” GTF komplayens nazorat tuzilmalari, “Toyloqtumangaz” GTB, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, “O‘zenergoinspeksiya” va huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida reyd jarayoni o‘tkazilgan.

Unda Samarqand viloyati Toyloq tumani “Qo‘rg‘oncha” MFYda joylashgan “S. Sh.” oilaviy korxonasida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, korxona (novvoyxona) egalari yashirin yo‘l bilan tabiiy gaz tarmog‘iga ulanib, tabiiy dan noqonuniy foydalanib kelgan.

Holat bo‘yicha dalolatnoma tuzilib, tabiiy gaz hajmi qayta hisob kitob qilindi va yetkazilgan zarar 1,3 mlrd so‘m miqdorida hisoblandi.

Mazkur holat yuzasidan barcha daliliy ashyo va hujjatlar huquq-tartibot organlariga topshirildi.


Avvalroq “Spot” o‘tgan yili 1,4 trln so‘mlik elektr energiyasi va tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, 730,1 mlrd so‘mlik elektr energiyasi va 679,1 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.