“O‘zbekiston temir yo‘llari” mahalliy yo‘nalishdagi (yotoqli) yo‘lovchi poyezdlari chipta narxini ham oshirmoqda. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, 2025-yilning 1-fevralidan muntazam qatnovdagi mahalliy poyezdlar chipta narxining tarif qismi 10,5%ga ko‘tariladi.

Qayd etilishicha, yo‘lovchi tashishda moliyaviy zararlarni qisqartirish, temir yo‘l infratuzilmasi xarajatlari, elektr, yoqilg‘i va transport xarajatlarini qoplash, shuningdek, yo‘lovchi vagonlar parkini yangilash maqsad qilingan.

Bundan tashqari, narxlarni oshirishda temir yo‘l vokzallari faoliyatini muvofiqlashtirish va sifatli xizmat ko‘rsatish, shu bilan birga, mamlakatdagi inflyatsiya darajasi hisobga olingan.

1-fevraldan boshlab, yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari chipta narxi 20−25%ga, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” tez yurar poyezdlariniki 30%ga qimmatlashadi.

Kompaniya tomonidan shu paytgacha “Afrosiyob” poyezdining chiptalari narxi bir necha bor oshirilgan. Birinchi marta narxlar 2023-yilning noyabr oyida 60%ga ko‘tarilgan, keyin esa ikki marta — yanvar va may oylarida oshirilgandi. Shu bilan birga, 2024-yilning 1-iyulidan tez yurar yo‘lovchi poyezdlarda ham narxlar oshirildi.

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” chipta narxlari oshishi sabablarini tushuntirib, 2018-yildan beri tariflar o‘zgarmagan bo‘lsa-da, poyezdlarga texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlari sezilarli darajada oshganini qayd etdi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Xikmatulla Raxmetov narxlar xizmat ko‘rsatish sinfiga mos kelmasligini bildirgandi. Kompaniya boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev esa “Afrosiyob” elektropoyezdlari biron yil daromad bilan ishlamaganini, faqat zarar bilan ishlaganini ta’kidladi. 2023-yilda kompaniya 238 mlrd so‘m zarar ko‘rgan.