“O‘zbekiston temir yo‘llari” 1-fevraldan yuqori tezlikda harakatlanuvchi hamda tez yurar poyezdlarda yo‘lovchi tashish narxlari oshishini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, yangi narxlarni belgilashda temir yo‘l infratuzilmasi xarajatlari, elektr energiyasi, yoqilg‘i va transport xarajatlarini qoplash, shuningdek, yangi yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni xarid qilish va yo‘lovchi vagonlari parkini yangilash, temir yo‘l vokzallari faoliyatini yangi talablarga muvofiqlashtirish va sifatli xizmat ko‘rsatish hisobga olingan.

Yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlarining VIP, Biznes toifadagi chipta narxlari 25%ga, ekonom toifadagi chipta narxlari esa 20%ga oshirilmoqda. Bundan tashqari, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” tez yurar poyezdlarining chipta narxlari 30%ga qimmatlashadi.

1-fevraldan “Afrosiyob” elektropoyezdlarining chipta narxlari quyidagicha bo‘ladi:

Yo‘nalishNarxlar (so‘mda)
VIP
Biznes
Ekonom
Toshkent-Samarqand619 ming
450 ming
294 ming
Toshkent-Qarshi854 ming
634 ming
406 ming
Toshkent-Buxoro994 ming
751 ming
484 ming

Kompaniya tomonidan “Afrosiyob” tezyurar poyezdlarining chiptalari narxi bir necha bor oshirilgan. Birinchi marta narxlar 2023-yilning noyabr oyida 60%ga ko‘tarilgan, keyin esa ikki marta — yanvar va may oylarida oshirilgandi. Shu bilan birga, 2024-yilning 1-iyulidan tez yurar yo‘lovchi poyezdlarda ham narxlar oshirildi.

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” chipta narxlari oshishi sabablarini tushuntirib, 2018-yildan beri tariflar o‘zgarmagan bo‘lsa-da, poyezdlarga texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlari sezilarli darajada oshganini qayd etdi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Xikmatulla Raxmetov narxlar xizmat ko‘rsatish sinfiga mos kelmasligini bildirgandi. Kompaniya boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev esa “Afrosiyob” elektropoyezdlari biron yil daromad bilan ishlamaganini, faqat zarar bilan ishlaganini ta’kidladi. 2023-yilda kompaniya 238 mlrd so‘m zarar ko‘rgan.

Avvalroq “Afrosiyob” elektropoyezdining Kattaqo‘rg‘on bekati tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Samarqanddan viloyatning yaqin shaharlariga elektropoyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.