“UzAuto Motors” kompaniyasi “Chevrolet Cobalt” avtomobili uchun kontraktatsiyani ochmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Shartnoma berish jarayoni 7-yanvar kuni kuni soat 10:00da boshlanib, GX-Style AT Plus va GX-Midnight AT modifikatsiyalari uchun amalga oshiriladi.

Avtomobillarni xarid qilish uchun shartnomalarni faqat onlayn — savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali tuzish mumkin. Kompaniya “Telegram"-boti bilan esa navbatni kuzatish hamda mavjud avtomobillar haqida ma’lumot olish imkoni mavjud.

Avtomobil xaridi uchun tuzilgan shartnomalar bo‘yicha to‘lov 7 kun ichida amalga oshirilishi kerak. Murojaatlarni kompaniyaning +998 78−141−7777 raqami orqali yo‘llash mumkin.

“UzAuto Motors” 2024-yilning 22-noyabr kuni “GX-Style AT Plus” va “GX-Midnight AT” uchun shartnoma tuzishi ma’lum qilingandi. Shu kuni, 10 soat ichida mazkur modellar uchun jami 55 494ta shartnoma berilgan.

Undan keyin, 11-dekabr kuni to‘lov qilinmagan hajm qayta sotuvga chiqarildi. Kompaniya qariyb 6 soat ichida GX-Style AT Plus va GX-Midnight AT uchun 22 mingtadan ortiq shartnoma tuzgan. 19-dekabr kuni navbatdagi raundi amalga oshirilib, qayta chiqarilgan hajm uchun jami 12 688ta shartnoma tuzildi.