Endilikda Toshkent shahridagi avtobuslarda yo‘l haqini naqd pulda to‘lagan yo‘lovchilar jarimaga tortiladi, deya xabar berdi “UzA”.

Transport nazorati inspeksiyasi Toshkent shahar hududiy bo‘limi inspektori Salimjon Nishonboyevning qayd etishicha, inspeksiyaning hududiy inspektorlari tomonidan bu bo‘yicha reyd tadbirlari olib borilmoqda.

“Agar yo‘lovchi yo‘l kirani naqd pulda amalga oshirmoqchi bo‘lsa, haydovchi uni qabul qilmasligi kerak. Bu yo‘lovchi aybi bilan sodir bo‘lgan bo‘lsa, birinchi safar ogohlantirish beriladi. Shunga qaramay, huquqbuzarlik takrorlansa, o‘rnatilgan tartibda haydovchiga ham yo‘lovchiga ham ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima qo‘llaniladi”, — dedi u.

Bunda yo‘lovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma tuzilib, BHMning 10%i miqdorida (37,5 ming so‘m) jarima belgilanadi.

Hozirda Toshkentdagi 2 644ta bekat atrofiga 5 500tadan ortiq infokiosklar o‘rnatilgan. Mavjud bo‘lmaganlarida infokiosklar integratsiya qilinmoqda. Yo‘lovchilar bir martalik QR-chiptalarni manzilga yetgunga qadar tashlab yubormasliklari kerak.

2025-yilning 1-yanvaridan boshlab Toshkent shahrida avtobuslar salonida naqd pul qabul qilish amaliyoti to‘xtatildi. To‘lovlar faqat elektron qabul qilinmoqda hamda uni naqd pulda amalga oshirish uchun QR-chiptalarni “Paynet”, “MultiPay” va “Oson” to‘lov qurilmalari orqali xarid qilish mumkin. Agar infokiosklarda QR-chipta chiqmay qolsa, uni rasmga olib, avtobusda skanerlash mumkin.