Markaziy bank tomonidan bitta jismoniy shaxsga beriladigan bank kartalari sonini cheklash bo‘yicha vaqtinchalik tartib ishlab chiqildi. Bu haqdagi ma’lumotlarni “Spot"ning ishonchli manbalari tasdiqladi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur tartib 2025-yilning 1-yanvaridan kuchga kirgan bo‘lib, u joriy yilning 31-dekabrigacha amal qiladi.

Endilikda banklar tomonidan bitta fuqaroga (bitta JShShIRga) emissiya qilinadigan kartalar soni bitta bankda 5tagacha, barcha banklarda esa 20tagacha cheklanadi.

Bunda mazkur talab virtual va kobeydjing kartalarni ham o‘z ichiga oladi, biroq chet el valyutasida ochilgan kartalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

2024-yilning noyabr oyi oxirida Markaziy bank bitta foydalanuvchiga rasmiylashtiriladigan bank kartalari sonini cheklashni rejalashtirayotgani haqida “Spot"ga ma’lum qilgandi.

Undan keyin regulyator bu yechim bank kartalari bilan bog‘liq shubhali (frod) operatsiyalarning oldini olish, firibgarlik sxemalarida aholiga tegishli hisobvaraqlar va bank kartalari ishtirokini kamaytirishga qaratilganini bildirdi.

Me’yorlar aholiga bank kartalari orqali to‘lovlarni amalga oshirishda noqulayliklar keltirib chiqarmaydi va bu talablar banklarning kartalarni emissiya qilish faoliyatini tartibga solishga qaratilgan.

Bank kartalariga ega jismoniy shaxslarning qariyb 97%ida (22 mln nafar) 5tagacha, 3%ida (770 ming) 5−20gacha hamda 0,03%ida (7 ming) 20tadan ortiq kartalar rasmiylashtirilgan.

Fuqarolar nomiga ko‘p miqdorda ochilgan bank kartalarini tahlil qilish jarayonida, mazkur bank kartalarining bir qismidan firibgarlik maqsadlarida foydalanilayotganligi aniqlangan. Aksariyat holatlarda karta egasining bundan xabari bo‘lmaydi.

Onlayn bankingning qattiqlashtirilishi

O‘tgan yilning oktabrida Markaziy bank test rejimida shubhali frod operatsiyalarning oldini olish maqsadida onlayn kreditlar berishda vaqtinchalik tartibni joriy qildi. U 2024-yilning 1-noyabridan joriy yilning 1-apreligacha amal qiladi. Fuqarolar qarz olish uchun ariza berishda biometrik identifikatsiyadan o‘tishlari kerak.

Bunda fuqarolar kredit tashkilotining mobil ilovasi orqali kredit ajratish bo‘yicha ariza yuborish jarayonida biometrik identifikatsiyadan o‘tishi talab etiladi. Bundan tashqari, kredit tashkiloti mobil ilovasidan ro‘yxatdan o‘tishda yoki mavjud akkauntga kirishda, onlayn kredit ajratilganidan boshlab 48 soat davomida cheklovlar o‘rnatiladi.

Markaziy bankning sobiq raisi Mamarizo Nurmuratov vaqtinchalik tartib tugagandan so‘ng onlayn kreditlar berish bo‘yicha cheklovlar saqlanib qolishini ma’lum qilgandi. Regulyator besh oy davomida onlayn to‘lovlar va pul o‘tkazmalari asosini belgilovchi mexanizmlarni takomillashtirish hamda qayta ishlashni rejalashtirgandi.