Avvalroq “UzAuto Motors” 7-yanvar kuni Chevrolet Cobalt avtomobili uchun kontraktatsiyani ochishi haqida xabar berilgandi.

Seshanba kuni o‘tkazilgan shartnoma berish jarayoni qariyb yetti soatdan ortiq vaqt davom etib, soat 16:23 holatiga ko‘ra, jarayon yakunlangan. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.

GX-Style AT Plus va GX-Midnight AT modifikatsiyalari uchun jami 50 017ta shartnoma tuzilgan bo‘lib, shundan 99%dan ortig‘i — 49 858tasi “One-ID” tizimida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxslar, 159tasi esa yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilgan.

O‘z navbatida, realizatsiya qilingan avtomobillarning 9 255 donasi GX-Style AT Plus hissasiga to‘g‘ri kelgan. Qolgan 40 762 dona shartnoma esa “GX-Midnight AT” uchun tuzilgan. Kontraktatsiya jarayonida kompaniya Call-markaziga ming nafardan ortiq mijoz murojaat qilgan.

“UzAuto Motors” fuqarolardan firibgarlardan ehtiyot bo‘lishlarini, e’lonlar sayti va boshqa servislar orqali “shartnoma sotib olish” bo‘yicha shubhali takliflarga rozi bo‘lmasliklarini so‘ramoqda. “UzAutoSavdo” platformasida xaridor yoki diler mijoz ma’lumotlarini o‘zgartirish imkoniyatiga ega emas.

“UzAuto Motors” 2024-yilning 22-noyabr kuni GX-Style AT Plus va GX-Midnight AT uchun shartnoma tuzishi ma’lum qilingandi. Shu kuni, 10 soat ichida mazkur modellar uchun jami 55 494ta shartnoma berilgan.

Undan keyin, 11-dekabr kuni to‘lov qilinmagan hajm qayta sotuvga chiqarildi. Kompaniya qariyb 6 soat ichida GX-Style AT Plus va GX-Midnight AT uchun 22 mingtadan ortiq shartnoma tuzgan. 19-dekabr kuni navbatdagi raundi amalga oshirilib, qayta chiqarilgan hajm uchun jami 12 688ta shartnoma tuzildi.

Kompaniya oktabr oyida Asakadagi zavodida “Cobalt"ning Midnight versiyasini ishlab chiqarishni boshlagandi.