Qirg‘iziston parlamenti kriptobank tashkil etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokama qilmoqda. Bu haqda “24.kg” mahalliy nashri xabar berdi.

Tashabbus Iqtisodiyot va savdo vazirligiga tegishli bo‘lib, vazirlik tobora rivojlanayotgan kripto-aktivlar bozorini qonuniylashtirish va tartibga solishga intilmoqda.

Qayd etilishicha, kriptobanklar Qirg‘iziston Milliy banki tomonidan beriladigan litsenziya asosida faoliyat yuritadi.

Ularning funksiyasiga virtual aktivlar bilan bog‘liq xizmatlar kiradi:

  • kripto hisobvaraqlarni ochish va yuritish;
  • raqamli aktivlarni ayirboshlash va saqlash;
  • hisob-kitoblar va to‘lovlarni amalga oshirish;
  • chet el valyutasi va qimmatbaho metallar bilan operatsiyalarni amalga oshirish.

Qirg‘iziston iqtisodiyot va tijorat vaziri Doniyor Amangeldiyevning so‘zlariga ko‘ra, kriptobanklarning tashkil etilishi tez sur’atlar bilan o‘sib borayotgan kriptovalyutalar bozorini qonuniylashtirish va tartibga solish imkonini beradi.

“So‘nggi yillarda jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida kriptovalyutalarga qiziqish sezilarli darajada oshdi. Kriptobanklarning tashkil etilishi ushbu bozorni tartibga solish va qonuniylashtirish imkonini beradi,” — deyiladi vazirlik xabarida.

kriptobank, qirg‘iziston

Vazirlikning ta’kidlashicha, kriptobanklarni tashkil etish foydalanuvchilarning huquqlarini himoya qilishni ta’minlaydi, firibgarlik va mablag‘lardan ruxsatsiz foydalanish xavfini kamaytiradi.

Ushbu tashabbus xorijiy investitsiyalarni jalb qilishi, tranzaksiyalar hajmini oshirishi va yangi ish o‘rinlarini yaratishi kutilmoqda.

Shuningdek, rejalashtirilgan kriptobank smart-shartnomalar va DeFi kabi yangi moliyaviy texnologiyalarni joriy etish uchun platformaga aylanadi, bu esa moliya tizimini modernizatsiya qilishga yordam beradi.

“Kriptobanklarning joriy etilishi bilan kriptovalyutalardagi tranzaksiyalar hajmining o‘sishi kutilmoqda, bu soliq tushumlarini oshiradi va mamlakatning moliyaviy innovatsiyalar markazlaridan biri sifatidagi obro‘sini mustahkamlashni ta’minlaydi,” — deya xulosa qildi Amangeldiyev.


Avvalroq “Spot” kripto-aktivlar aylanmasi bilan shug‘ullangan buxorolik 17 yoshli yigit ishi yopilgani haqida yozgandi.

Masalani harakatdan tugatishda ishning ijtimoiy xavfli emasligi hamda gumonlanuvchining oilaviy ahvoli kabilar inobatga olingan.