Toshkent viloyatining Qibray tumanida dorilarni elektron retsept asosida yozish va berish bo‘yicha loyiha ishga tushirildi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tizim “Uzinfocom” yagona integratori tomonidan ishlab chiqilgan DMED platformasi asosida pilot rejimida ishlaydi. Hozirda loyiha bitta tibbiyot muassasasi va 8ta dorixonalar tarmog‘ini qamrab olgan.
Retseptni olish uchun DMED ilovasini smartfonga o‘rnatish talab qilinadi (Android va iOS uchun). Elektron retsept shifokorga tashrif buyurganda, ilovada bemorga yuborilgan kod kiritilgandan so‘ng beriladi.
Bemor dorixonaga chiqarilgan retsept bilan jo‘natiladi va uni dorixona xodimiga ko‘rsatadi. Farmatsevt retseptdagi QR-kodni skanerlagandan keyin bemorga kerakli preparatni beradi.
DMED tizimi dorixonalarga real vaqt rejimida dori-darmonlarni berish bo‘yicha dolzarb ma’lumotlarni olish imkonini beradi. Xalqaro patentlanmagan nomlar (XPN) bo‘yicha preparatlarni avtomatlashtirilgan tarzda tanlash orqali retseptni shakllantirishda xatolarni bartaraf etish mumkin.
Prezidentning 2023-yilning may oyidagi qarori bilan aholini xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha “Elektron retsept” (reimbursatsiya) tizimini joriy etish belgilangan.
O‘tgan yilning iyul oyida, o‘sha vaqtdagi Sog‘liqni saqlash vaziri v.b. Asilbek Xudayarov 2024-yilda O‘zbekistonda elektron retsept tizimiga o‘tilishini qayd etgandi. Bu tizim keraksiz dori-darmonlarni retseptlashning oldini oladi va kontrabandaga qarshi kurashda yordam beradi.