Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 7-yanvar kungi navbatdagi majlisida deputatlar mamlakatda elektron sigaretalar muomalasini cheklashni nazarda tutuvchi qaror loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun loyihasi bilan O‘zbekistonda nikotinni iste’mol qilish moslamalari, shu jumladan elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklarning muomalasi (ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, O‘zbekiston hududiga olib kirish, olib chiqish) taqiqlanmoqda.
Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarovning qayd etishicha, qonun loyihasi prezident Administratsiyasi topshirig‘i bilan SSV va IIV tomonidan ishlab chiqilgan. So‘nggi yillarda tamakini qizdirish mahsulotlari, tamaki va nikotinni iste’mol qilish moslamalari, jumladan, elektron sigaretalarining mamlakatga kirib kelishi, oxirgi to‘rt yilda esa ularning aylanmasi va iste’moli ortgani qayd etildi.
“Bir va ko‘p martalik elektron tamaki mahsulotlari tarkibidagi kimyoviy birikmalar inson sog‘lig‘i va atroh-muhitga jiddiy zarar yetkazadi. Organizmda nikotinga qaramlik rivojlanishi bilan birga, bolalar va o‘smirlarda miya shakllanishi va o‘zlashtirish qobiliyatining pasayishiga, ruhiy agressivlikka olib keladi”, — dedi vazir.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu mahsulotlar iste’moli, bronxit, astma, pnevmoniya hamda bodroqsimon o‘pka kasalligini keltirib chiqaradi. Markaziy nerv sistemasi, oshqozon-ichak trakti, buyrak-jigar funksiyasining buzilishi, shuningdek, gipertoniya, infarkt hamda insult kabi yurak-qon tomir kasalliklar rivojlanishiga sabab bo‘lishi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, kimyoviy birikma va moddalar organizmga mutagen ta’sir qilib, DNK tuzilishini jarohatlashi, ayollar reproduktiv xususiyatining pasayishiga hamda irsiy nogironlik va o‘limga olib kelishi mumkin.
“Odamlar oddiy sigaretni ham chakib yuribdi-ku, nega ularni emas, elektron sigaretalarni?”, degan savol tug‘ilishi mumkin. Oddiy tamakini ko‘proq katta yoshdagilar chaksa, ishlab chiqaruvchilar o‘ziga jalb qiluvchi har xil animatsion effektlarga ega aromatizatorli [elektron sigaretalarni] O‘zbekiston bozoriga kiritganidan keyin, yoshlar, ayniqsa, qizlar o‘rtasida ulardan foydalanish soni oshdi", — dedi Asilbek Xudayarov.
Vazir 2016-yilda qabul qilingan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining hadli konvensiyasi bilan elektron tamaki mahsulotlari aylanmasini taqiqlash tavsiya etilganini qayd etdi. Mamlakatlar o‘z qonunchiligi bilan bunga chek qo‘yilishi mumkin.
Hozirda dunyoning 37ta mamlakatida elektron sigaretalar aylanmasi taqiqlangan. Bular qatorida, Xudayarov, Norvegiya, Eron, Iroq, Turkiya, Singapur, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belgiya va Buyuk Britaniyani keltirdi.
“Agar bizning ham mamlakatimizda zudlik bilan bunga qarshi zarur choralar ko‘rilmasa, bunday mahsulotlarni chekuvchi yoshlar keyinchalik, yoshlari katta bo‘lganidan keyin uch baravar oddiy sigaret chekishga o‘tishlari mumkin”, — dedi u.
Vazir mazkur qonun loyihasi bilan elektron sigaretalar muomalasiga taqiqni buzganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilayotganini qayd etdi. Agar fuqaro bunday huquqbuzarlikdagi aybiga ixtiyoriy ravishda iqror bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi, deya ta’kidladi u. Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
2024-yilning aprel oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasini muhokama qo‘ygandi. 2025-yil boshiga kelib, mamlakatdagi partiyalar fraksiyalari qonun loyihasini ko‘rib chiqishni boshladi.