O‘zbekiston Markaziy banki iyul oyidan buyon ilk bor oltin zaxirasini oshirdi, deb xabar berdi Jahon oltin kengashi (World Gold Council).

Noyabr oyida jahon markaziy banklari tomonidan sof oltin xaridlari, ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, 53 tonnani tashkil etdi. WGC bu 2024-yil davomida kuzatilgan tendensiyaning davomi bo‘lganini, regulyatorlar qimmatbaho metallarning faol xaridorlari sifatida harakat qilganini ta’kidladi. Shuningdek, AQShda prezidentlik saylovlari fonida narxlarning pasayishi oltin jamg‘arilishiga qo‘shimcha turtki bo‘lishi mumkin.

Xususan, Polsha Milliy banki oltin zaxirasini 21 tonnaga oshirib, uning hajmini 448 tonnaga yetkazdi. Varshava 90 tonnalik ko‘rsatkich bilan qimmatbaho metallarning eng yirik xaridori bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston Markaziy banki noyabr oyida 9 tonna oltin sotib oldi, bu yozdan beri birinchi marta oltin zaxiralarini ko‘paytirish bo‘ldi. Yillik sof xaridlar 11 tonnani tashkil etib, oltin zaxirasi 382 tonnaga yetdi.

markaziy bank, oltin, oltin-valyuta zaxiralari

Hindiston zaxira banki 8 tonna (yillik hisobda 73 tonna) bilan uchinchi o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarda har biri 5 tonnadan oltin bilan Qozog‘iston va Xitoy, Iordaniya — 4 tonna, Turkiya — 3 tonna, Chexiya — 2 tonna, Gana — 1 tonna bilan joylashdi. Qimmatbaho metalning eng yirik sotuvchisi Singapur bo‘ldi — 5 tonna.

1-dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari hajmi $41,47 mlrdni tashkil etdi, bu oldingi oyga nisbatan $1,67 mlrdga kam. Oltin zaxirasining arzonlashuvi va zaxiralar valyuta qismining qisqarishi mart oyidan beri birinchi marta mamlakat oltin-valyuta zaxiralarining kamayishiga olib keldi.

Avvalroq “Spot” bir qator banklarda dollar kursi 13 ming so‘mdan oshgani haqida xabar bergandi.