Qashqadaryo viloyatida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.

Departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilgan.

Unda aniqlanishicha, “SH.K.” MCHJ va “O” MCHJ mas’ul shaxslari tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib olgan.

Buning natijasida jami 588,3 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Shu kabi, Departamentning G‘uzor tumani bo‘limi tomonidan ham tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Tekshiruvda “T.T.” xususiy korxonasi mas’ul shaxslari tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib olgani aniqlangan.

Buning natijasida esa jami 106,4 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Avvalroq “Spot” Samarqandda 1,3 mlrd so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, Toyloq tumanida oilaviy korxonada tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi.