O‘zbekistonda o‘rnatilgan tegishli tartib-qoidalarni chetlab o‘tib, fuqarolarni Saudiya Arabistoniga ziyoratga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlanmoqda, deya xabar berdi “UzA”.

Huquq-tartibot idoralari tomonidan joylarda tezkor tadbirlar o‘tkazilib, bunday qonunbuzilishlarga chek qo‘yildi.

Xususan, Namangan shahrida yashovchi O.S. fuqaro hamda uning onasini turistik kompaniya orqali 2025-yilgi “Haj” mavsumida Saudiya Arabistoniga farz amallarini bajarish uchun yuborish evaziga $10 ming olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Sirdaryo viloyati, Guliston shahridagi sayyohlik firmasi ta’sischisi G‘.A. litsenziyasiz, Sirdaryo tumanida yashovchi fuqaro va uning 4 nafar qarindoshini “Umra” ziyoratiga yuborish evaziga $6 ming talab qilgan. G‘.A. oldindan $400 va 1,3 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.

Bunday noqonuniy holatlar Surxondaryo viloyatida ham kuzatildi. Xususan, Sariosiyodagi sayyohlik firmasi ishchisi D.R. hech qanday vakolatga ega bo‘lmasdan fuqaroni “Umra” ziyoratiga Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga $1,1 ming va 200 ming so‘m olgan vaqtida ushlandi.

Denov shahridagi sayyohlik firmasi rahbari Sh.Q. esa fuqaroni “Umra” safariga yuborishni va’da qilib, evaziga $1 ming va 1,28 mln so‘m olgan vaqtida ushlangan. Tumanda yashovchi, X.N. o‘zganing ishonchiga kirib, unga o‘zi ishlayotgan sayyohlik kompaniyasi orqali “Umra"ga borish uchun imtiyozli yo‘llanmasi borligini aytgan. Natijada Saudiya Arabistoniga ziyoratga yuborish evaziga $1 200 va 650 ming so‘m olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hozirda O‘zbekistonda “Umra” ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun 12ta turoperatorga litsenziya berilgan.

Dekabr oyi boshida mazkur amallarni noqonuniy tashkil etayotgan litsenziyasiz turoperatorlar javobgarlikka tortilgandi. Urganchlik turoperatorga esa “Umra” xizmatlarini litsenziyasiz reklama qilgani uchun jarima berildi.