Xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha yuqori ball olgan yoshlarga vaqtida xarajatlari qoplab berilmagani aniqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik tomonidan Yoshlar ishlari agentligining o‘qish va imtihon xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha davlat xizmati monitoring qilindi.
Natijada, imtihon tizimlarida yuqori ball olgan 309 nafar yoshlar xarajatlari qoplab berilmagani aniqlandi. Agentlikka xarajatlarni reglamentga muvofiq to‘liq qoplab berish bo‘yicha taqdimnoma kiritildi.
Jami 132 nafar yoshlarga 236,85 mln so‘m miqdorida kompensatsiya berildi, qolgan 177 nafar yoshning xarajatlarini ham qoplab berish chorasi ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan Yoshlar ishlari agentligi mas’ul xodimi ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
2024-yilning fevral oyida prezident ishtirokidagi yig‘ilishda joriy yil sertifikat olishdagi imtihon xarajati bilan birga, 6 oylik o‘qish puli ham to‘lab berilishi ma’lum qilingandi.
Iyun oyida yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish jarayonlarini yaxshilashga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi. Unda xorjiy til sertifikatini olishda o‘qitish xarajatlarini qoplab berish nazarda tutilgan. Bu tartibning amal qilish muddati esa 1-sentabr etib belgilangandi.
Yagona portal orqali xalqaro imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha xizmatlar to‘liq onlayn amalga oshiriladi. Bunda mablag‘lar bir bank kuni davomida plastik kartaga o‘tkazib beriladi.
Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin. Bunda tegishli tartibda ariza jo‘natish bepul. Hozirda xalqaro imtihon turlari soni 18taga yetgan.