Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Qishloq xo‘jaligi xatarlarini sug‘urtalash to‘g‘risida"gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda parlament matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mazkur hujjat qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlariga xavf tug‘diruvchi omillardan sug‘urtalash shartnomalari bilan bog‘liq hisoblanadi.
Bunday xavflarga tabiiy ofatlar, yong‘inlar, o‘simlik kasalliklari, zararkunandalar ta’siri, chorva mollarining zaharlanish va yuqumli kasalliklardan nobud bo‘lishi, shuningdek, yovvoyi hayvonlarning yetkazgan zararlari kiradi.
Qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash uchun maxsus jamg‘arma tashkil etilib, uning daromad va xarajat manbalari, sug‘urtalanishi lozim bo‘lgan xavf-xatarlar, sug‘urta mukofotlarini subsidiyalash, qayta sug‘urtalash va tovon to‘lash tartibi belgilanadi.
Shuningdek, qonun loyihasi agrar sug‘urta sohasini raqamlashtirish va uni davlat tomonidan muvofiqlashtirish bo‘yicha me’yorlarni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, unda qishloq xo‘jaligi xatarlarini sug‘urtalashda ishtirok etuvchi sub’yektlarning huquq va majburiyatlari ham batafsil bayon etilgan.
Qonun loyihasi muhokama qilinayotganda ta’kidlanganidek, uning qabul qilinishi fermerlarga yetkazilgan zararni qoplash uchun huquqiy asos yaratadi. Kelajakdagi qonun sug‘urta sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solish va qishloq xo‘jaligi sohasi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish imkonini beradi.
2024-yil noyabr oyida prezident yangi tahrirdagi “Qishloq xo‘jaligi kooperativlari to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Hujjatda investorlarning kooperativga a’zo bo‘lishi imkoniyati, shuningdek, ishtirokchining ovozlari sonini pay badaliga muvofiq oshirish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq “Spot” fermerlarga dala chetlarida ekish uchun ko‘chatlar sotib olishga subsidiya berilishi haqida yozgandi.
Bundan tashqari, ularga suv ta’minotini tashkil etish uchun nasos va quvurlar o‘rnatish xarajatlarining 50%igacha imtiyozli kreditlar ajratiladi.