2025-yil uchun davlat dasturi loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Hujjat bilan, “Ekofaol fuqaro” hayot tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan “Bir million yashil oila” umummilliy harakatini yo‘lga qo‘yish taklif qilinmoqda. Uning asosiy tamoyillari etib quyidagilar:
- aholi orasida kunlik yurish va yugurishni targ‘ib qilish;
- “yashil transportda”, jumladan, velosipedda harakatlanishni rag‘batlantirish;
- plastik mahsulotlardan foydalanishni kamaytirish;
- oziq-ovqat isrofgarchiligining oldini olish;
- suv, gaz va elektr energiyasi resurslaridan oqilona foydalanish.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligi 2025-yilning 1-iyunigacha “Bir million yashil oila” harakati doirasida platforma ishga tushirishi kerak.
Platformada bir kun davomida kamida 10 ming qadam yurish targ‘ib qilinadi. Yuqori ko‘rsatkichlarga erishganlarga “Ekofaol fuqaro” maqomi beriladi.
Mazkur fuqarolarga davlat xizmatlaridan foydalanishda 10%, davlat ulushi 50%dan yuqori bo‘lgan banklar orqali iste’mol kreditini olishda chegirmalar taqdim etiladi.
Barcha voyaga yetgan a’zolari “Ekofaol fuqaro” maqomini olgan oilalarga “yashil oila” maqomini beriladi. Bu maqomni olganlar esa har yili lotereya orqali 14ta elektromobildan birini olish imkoniga ega bo‘ladi.
Shuningdek, aholisining yarmi “yashil oila” maqomini olgan mahallalarda “Eng toza mahalla” va “Eng yashil mahalla” tanlovlari o‘tkazilib, g‘olib mahallalar jamg‘armasiga 500 mln so‘m ajratiladi.
Mazkur mablag‘lar bolalar maydonchasini qurish, yashil bog‘ yaratish hamda chiqindi yig‘ish maydonchalarini qurish va chiqindi konteynerlarini o‘rnatishga yo‘naltirilishi mumkin.
Loyiha bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar joriy yilning 22-yanvarigacha qabul qilinadi.
2025-yil mamlakatda “Atrof-muhitni asrash va „yashil“ iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingan. Prezident hukumatga yil nomidan kelib chiqib, davlat dasturini ishlab chiqishni topshirgandi.