Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi tegishli qarori bilan, ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi mehnat shartnomalarini elektron tuzish tartibi belgilandi.

Hujjat bilan 2019-yilning dekabr oyida qabul qilingan hukumatning Yagona milliy mehnat tizimi (YMMT) to‘g‘risidagi qaroriga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, elektron mehnat shartnomalari bevosita YMMT idoralararo dasturiy-apparat kompleksida tuziladi.

Mehnat shartnomalari ish beruvchi tomonidan shakllantiriladi va taraflar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra elektron raqamli imzo (ERI) yordamida imzolanadi. Imzolangan elektron mehnat shartnomasini xodimlar o‘zlarining Yagona portaldagi (my.gov.uz) shaxsiy kabinetidan yuklab olishlari mumkin.

Barcha ish beruvchilar YMMT platformasi orqali elektron mehnat shartnomalarini tuzishi va unda qog‘oz shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazishi shart. Bunda davlat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi hamda shtat jadvali maxfiy bo‘lgan ish beruvchilar bundan mustasno.

2020-yil boshidan boshlab hukumat mehnat shartnomalarini elektron tizimda majburiy onlayn ro‘yxatdan o‘tkazishni joriy etdi. Shu bilan birga, xodimlar uchun ochiq elektron mehnat daftarchalari hamda avvalgi ish joylari haqidagi ma’lumotlarni qo‘shish imkoniyati joriy etildi.

Avvalroq nogironligi bo‘lgan ishchilar uchun ijtimoiy soliq 1%ga pasaytirilishi haqida xabar berilgandi. Korxonalarga surdotarjimon, psixolog va ko‘zi ojizlar uchun hamrohlik xizmati xarajatiga 50 mln so‘mgacha subsidiya beriladi.