28-dekabr kuni Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida smartfonlar va boshqa ko‘chma qurilmalarni faqat yagona USB-C zaryadlash porti bilan sotishga ruxsat beruvchi ko‘rsatma kuchga kirdi. Tegishli hujjat Yevropa Ittifoqining rasmiy veb-saytida e’lon qilindi.
Hujjatda akkumulyatorli qurilmalar kamida 15 vatt quvvat bilan tez zaryadlashni qo‘llab-quvvatlashi kerakligi aytiladi. Aks holda, Yevropa Ittifoqi hududida texnikani sotish taqiqlanadi.
Istisno faqat portativ kompyuterlar, shuningdek, USB-C sig‘maydigan kichik qurilmalar uchun amal qilishda davom etadi.
Yangi qoidalar foydalanuvchilarga har bir yangi qurilma uchun alohida quvvatlash moslamalari va kabellarni sotib olish zaruriyatini bartaraf etishi tushuntirilmoqda.
Bundan tashqari, ushbu ko‘rsatma radio uskunalarni sotishda hosil bo‘ladigan chiqindilarni kamaytirish, shuningdek, quvvatlash qurilmalarini ishlab chiqarish, tashish va utilizatsiya qilish jarayonida xomashyo qazib olish va karbonat angidrid chiqindilarini qisqartirishga qaratilgan.
Avvalroq “Apple” Yevropa Ittifoqi ko‘rsatmasi tufayli 2024-yil oxirigacha Yevropada barcha Lightning ulagichli smartfonlarni sotuvdan chiqarishga qaror qilgan edi.
Kompaniya qarori ortidan Yevropada uchinchi avlod iPhone 14, iPhone 14 Plus va iPhone SE sotuvi to‘xtadi.
2024-yil 1-yanvardan boshlab Yevropa Ittifoqida sotiladigan barcha zaryadlovchi qurilmalar USB-C porti bilan jihozlanishi yagona standart etib belgilandi.
Vaziyat nafaqat smartfonlar, planshetlar va noutbuklar, balki elektron kitoblar, raqamli kameralar, quloqchinlar, portativ qurilmalar va navigatsiya tizimlariga ham taalluqli hisoblanadi.
2021-yil sentabr oyida Yevropa Komissiyasi USB-C-ni smartfonlar va boshqa qurilmalar uchun yagona zaryadlash portiga aylantirishni taklif qildi.
Mazkur jarayonlar yakunlanib, Yevropa Ittifoqida 2024-yildan USB-C porti elektron qurilmalar uchun yagona standartga aylandi.
Bundan asosiy maqsad: tabiatga kamroq elektron chiqindilar chiqarishdir. Shu bilan birga USB-C porti universal va zamonaviy hisoblanadi.
Avvalroq “Spot” “Apple” iPhone 15'da ilk bor odatiy Lightning tuynugi o‘rnida Android smartfonlariniki kabi USB Type-C porti paydo bo‘lishi haqida yozgandi.