O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari hajmi ketma-ket ikkinchi oy qisqarishda davom etmoqda. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.
1-yanvar holatiga ko‘ra, regulyator zaxiralaridagi aktivlarning umumiy qiymati $41,18 mlrdni tashkil etdi. Bu undan oldingi oyga nisbatan $297,2 mlnga yoki 0,7%ga kamdir.
Shunga qaramay, ularning hajmi maksimal qiymatlarga yaqin darajada qolmoqda va o‘tgan yil davomida 19,1%ga yoki $6,6 mlrddan ortiqqa oshdi.
Oltin zaxiralari qiymati $704,4 mlnga — $32,7 mlrddan $32,03 mlrdgacha pasaydi. Uning fizik hajmi esa 12,3 mln troy unsiya (382,57 tonna) darajasida o‘zgarishsiz qoldi.
Dekabr oyida O‘zbekistonning valyuta zaxiralari $414 mlnga oshdi. Ularning hajmi $8,59 mlrdni, shu jumladan, boshqa mamlakatlar markaziy banklari va XVJdagi hisob raqamlarida $351 mlnni hamda xorijiy banklarda $8,14 mlrdni tashkil etdi.
Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qog‘ozlarning qiymati biroz — $101,7 mlngacha oshdi. 2024-yilning oktabr oyida regulyator $65 mlnlik xorijiy obligatsiyalar sotib olinganini e’lon qildi, bu esa ularning hajmini deyarli uch baravarga oshirgandi.
Noyabr oyida O‘zbekiston dunyodagi oltinning ikkinchi yirik xaridoriga aylandi. Markaziy bank AQShdagi prezidentlik saylovlari fonida narxlarning pasayishidan foydalanib, 9 tonna oltin sotib oldi.