Toshkent viloyatida issiq suv va isitish ta’minoti narxlari oshirilmoqda. Bu bo‘yicha 6-yanvar kuni xalq deputatlari viloyat Kengashining qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, viloyat “Issiqlik manbai” ishlab chiqarish boshqarmasi, “Angren issiqlik energiyasi” DUK, Chirchiq “Issiqlik energiyasi” hamda “Olmaliq issiqlik manbai” korxonalari tomonidan ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlari tariflari o‘zgartiriladi. Yangi narxlar 1-fevraldan kuchga kiradi.

Xususan, “Issiqlik manbai” boshqarmasi aholi uchun 1 Gkal issiqlik energiyasiga QQS bilan 93 464 so‘m (amalda — 81 312 so‘m) taklif qilgan. Shu bilan birga, “Angren issiqlik energiyasi” taklif qilgan tarif qiymati 93 508 so‘mni (81 312 so‘m), Chirchiq “Issiqlik energiyasi” korxonasi — 101 301,2 so‘m (88 088 so‘m) va “Olmaliq issiqlik manbai"niki 100 800 so‘m (92 252,16 so‘m) ni tashkil etadi. Narxlar QQS bilan hisoblangan.

Bundan tashqari, barcha korxonalar taklif etgan issiq suv va isitish ta’minoti narxlarida hisoblagich mavjudligi yoki mavjud emasligida qancha hisoblanishi keltirilgan. Shu bilan birga, budjet tashkioltlari va ulgurji iste’molchilar uchun ham narxlar oshiriladi.

2024-yilning 15-noyabridan Toshkent shahrida issiqlik ta’minoti uchun narxlar oshirilgandi. Aholi uchun tariflar 1 Gkal uchun 121 617 so‘m, ulgurji tashkilotlar uchun esa 244 497 so‘mni tashkil etadi.

Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 2025-yilda poytaxtda issiqlik ta’minoti narxlari ikki marotaba oshirilishini bildirdi. U issiqlik ta’minotida bozor va tariflar o‘rtasidagi farq juda kattaligini, shuningdek, keyingi ikki yilda ham narxlarni tartibga solish mushkul ekanligini qayd etdi.