“Meta” siyosiy kontent moderatsiyasini yumshatadi va “Facebook”, “Instagram” va “Threads"dagi uchinchi tomon “fakt-chekerlari"dan voz kechadi.
Kompaniya siyosiy kontentni nazorat qilish yondashuvini yumshatish va 2016-yildan beri amal qilib kelayotgan uchinchi tomon tomonidan faktlarni tekshirish dasturidan voz kechishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
“Meta” so‘z erkinligining muhimligini ta’kidlab, platformalar turli xil fikrlarni ifodalash uchun makon bo‘lishi kerakligini qayd etdi.
“Milliardlab odamlar o‘z fikrini bildirishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlarda yaxshilik ham, yomonlik ham ko‘zga tashlanadi. Ammo bu aynan so‘z erkinligidir,” — deyiladi “Meta” bayonotida.
Kompaniya o‘zining kontentni boshqarish bo‘yicha oldingi sa’y-harakatlari, jumladan, uchinchi tomon “fakt-tekshiruvchilari” tizimi haddan tashqari uzoqqa ketganini tan oldi.
Dastlab soxta yangiliklarga qarshi kurashga qaratilgan tizim oxir-oqibat senzura vositasiga aylandi. Bu adolatsiz bloklashlarga va foydalanuvchilar noroziligiga sabab bo‘lgan yordam xizmatining sekin javob berishiga olib keldi.
Kompaniya uchinchi tomon “fakt-tekshiruvchilari"ni “X” ijtimoiy tarmog‘ida (sobiq Twitter) qo‘llaniladigan modelga o‘xshash “Jamiyat izohlari” tizimi bilan almashtirmoqchi.
Endi maxsus dastur ishtirokchilari bahsli nashrlarni kontekst bilan to‘ldirishlari mumkin bo‘ladi. “Meta” endi qaysi postlarni ko‘rsatish va qaysilarini ko‘rsatmaslikni hal qilmaydi. Yangi tizim foydalanuvchilarga kontentni mustaqil tahlil qilish uchun ko‘proq erkinlik beradi.
“Meta” yangi siyosatni dastlab AQShda joriy etishni boshlaydi va yaqin oylar ichida “Jamiyat izohlari"ni ishga tushiradi. Asta-sekin dastur boshqa hududlarga ham yoyiladi.
Kompaniya bu orqali foydalanuvchilar ishonchini qaytarish va moderatsiyaga nisbatan muvozanatli yondashuvni ta’minlashga umid qilmoqda.
Avvalroq “Spot” “Instagram” va “Facebook” shikoyatlardan keyin sun’iy intellekt akkauntlarni o‘chirib tashlagani haqida yozgandi.
Foydalanuvchilar bunday akkauntlarni salbiy qabul qilishgani sababli, “Meta” kompaniyasi o‘z tajribasini vaqtincha to‘xtatishga qaror qildi.