Avvalroq Toshkent shahridagi avtobuslarda yo‘l haqini naqd pulda to‘lagan yo‘lovchilar jarimaga tortilishi haqida xabar berilgandi.
Bu haqda Transport nazorati inspeksiyasi Toshkent shahar hududiy bo‘limi inspektori Salimjon Nishonboyev “UzA"ga bergan intervyusida ma’lum qilgandi hamda uning qayd etishicha, inspeksiya tomonidan bu bo‘yicha reyd tadbirlari olib borilmoqda.
“Agar yo‘lovchi yo‘l kirani naqd pulda amalga oshirsa, haydovchi uni qabul qilmasligi kerak. Birinchi safar yo‘lovchiga ogohlantirish beriladi. Huquqbuzarlik takrorlanganda esa, haydovchiga ham, yo‘lovchiga ham ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima qo‘llaniladi”, — dedi u.
Bu Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi bilan belgilanishi va jarima miqdori BHMning 10%i miqdorini (37,5 ming so‘m) tashkil etishi aytildi.
Biroq, mazkur xabarlar ortidan Transport vazirligi matbuot xizmati raddiya bildirib, yuqorida keltirilgan modda faqat chiptasiz yurish holatida qo‘llanilishini qayd etdi.
“Ijtimoiy tarmoqlar orqali Toshkent shahar avtobus yo‘nalishlarida naqd pulda to‘lov qilgan yo‘lovchilar jarimaga tortilishi to‘g‘risida asossiz ma’lumotlar joylanmoqda”, deyiladi xabarda.
1-yanvaridan boshlab Toshkent shahrida avtobuslar salonida naqd pul qabul qilish amaliyoti to‘xtatildi. To‘lovlar faqat elektron qabul qilinmoqda hamda uni naqd pulda amalga oshirish uchun QR-chiptalarni “Paynet”, “MultiPay” va “Oson” to‘lov qurilmalari orqali xarid qilish mumkin. Agar infokiosklarda QR-chipta chiqmay qolsa, uni rasmga olib, avtobusda skanerlash mumkin.
Avvalroq avtobus yo‘lagida qoida buzganlar uchun jarima joriy etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.