Markaziy bank qariyb bir yarim yil ichida birinchi marta to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berdi.
Regulyator boshqaruvi qarori bilan “Oxus Pay” aksiyadorlik jamiyatiga to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berildi.
Oxirgi marta Markaziy bank 2023-yilning avgust oyida “United Payment Solution"ga mazkur faoliyat uchun litsenziya taqdim etgandi. Biroq, o‘tgan yilning sentabr oyida to‘lov tashkiloti litsenziyasi chaqirib olinib, reyestrdan chiqarilgandi.
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Oxus Pay” 2024-yilning 15-oktabrida tashkil etilgan. Kompaniya kompyuter dasturlash sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanadi.
10 mlrd so‘m ustav kapitaliga ega kompaniyaning 100% ulushi “OxusTech"ga tegishli. Rahbari — Israilov Farxodjon Axmadjanovich. O‘z navbatida, 2023-yilning mart oyida ochilgan “OxusTech” kompaniyasining 100% ta’sischisi “Oxustech Holding Limited” hisoblanadi.
Bundan tashqari, “OxusTech” 2023-yilning 16-mayidan boshlab “IT Park” rezidenti maqomini olgan hamda reyestrga kiritilgan.
Tartibning kuchaytirilishi
2024-yilning 1-iyulidan to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida faoliyat ko‘rsatishi kerak. Mazkur talablar kuchga kirgach, Markaziy bank ularga javob bermaydigan tashkilotlarni litsenziyasidan mahrum qila boshladi.
O‘tgan yilning bir necha oyi ichida regulyator 7−8ta to‘lov tashkilotining litsenziyalarini bekor qildi. Xususan, may oyida “Payment Aggregation Systems”, “Yurt Pay”, “Instant Payment Solutions”, “Source To Pay” va “TAPP Payment”, iyul oyida esa “UzPost” shuba korxonasi, “Qulay Pul” va “Payment System Platform” litsenziyalaridan mahrum bo‘ldi.
Bundan tashqari, oktabr oyida regulyator “Humans” shuba korxonasi — “Maroqand” (“Humans Pay”) ning qimor o‘yinlari bilan bog‘liq tranzaksiyalarni qabul qilish va amalga oshirish bo‘yicha faoliyatini 6 oyga chekladi. “Humans” Markaziy bank qaroridan norozi ekanligini va regulyator xatti-harakatlari qonunni buzishini ta’kidladi. Regulyatorning sobiq raisi Mamarizo Nurmuratov mazkur holatga izoh berib, xizmat “aholi mablag‘larini bukmekerlik kompaniyalariga o‘tkazish” bilan shug‘ullanganini qayd etdi.