2025-yilning 1-yanvaridan boshlab, Tailandning xorijdagi barcha elchixonalari va bosh konsullik muassasalarida elektron viza (“e-Visa”) xizmati joriy etildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Endilikda Tailand vizasini olishga murojaat qilmoqchi bo‘lgan fuqarolar “Thai E-Visa” onlayn elektron viza platformasi orqali ariza topshirishlari mumkin.
Bunda, ariza beruvchidan pasport va tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxasini diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga taqdim etish talab etilmaydi.
Elektron viza arizasi ma’qullangach, fuqarolarga tasdiqlovchi elektron pochta xabari yuboriladi. Uni jo‘nash portidagi aviakompaniyaga va Tailandda immigratsiya xizmati xodimlariga taqdim etish uchun chop etish kerak.
2024-yilning 15-iyulidan O‘zbekiston fuqarolariga Tailandga sayohat uchun 60 kungacha vizasiz rejim joriy etildi. Elektron viza tizimida fuqarolarga turistik, biznes, oilaviy va boshqa viza turi 90 kun muddatga beriladi.
Avvalroq O‘zbekiston jahon pasportlari reytingida ikki pog‘onaga yuqorilagani haqida xabar berilgandi. Yil davomida o‘zbekistonliklar vizasiz borishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar soni 24tadan 29taga ko‘paydi.