2024-yilning dekabr oyida “O‘zbekneftgaz” avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga kiritilgan cheklovlar fonida benzin taklifini ikki baravarga oshirdi. Bu haqda 7-yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda kompaniya matbuot xodimi ma’lum qildi.
O‘tgan oyda birja savdolariga chiqarilgan AI-80 benzinining kunlik hajmi to‘rt barobarga oshirildi. Xususan, noyabr oyida kunlik 1800−2000 tonna benzin savdoga chiqarilgan bo‘lsa, 10-dekabrda bu ko‘rsatkich 3600−4000 tonnaga, 11−18 dekabr kunlari esa 8000 tonnaga yetdi.
Dekabr oyida jami 130,4 ming tonna benzin birja savdolarida sotish uchun joylashtirildi. Shundan 94,7 ming tonnasi AI-80 avtobenzindir. Taqqoslash uchun, 2023-yilning mos davrida jami 62 ming tonna benzin (shundan 59,8 ming tonnasi AI-80 benzini) birja savdolariga chiqarilgan.
“O‘zbekneftgaz” hozirda aholini benzin va dizel yonilg‘isi bilan zarur miqdorda va uzluksiz ta’minlash uchun yetarli zaxiralar egaligini qayd etdi. Kompaniya tasarrufidagi korxonalarda 60 ming tonnadan ziyod benzin zaxirasi mavjud bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 4 barobarga ko‘pdir.
O‘tgan yilning 19-fevral kunidan Buxoro NQIZ tomonidan ishlab chiqariladigan an’anaviy dizel yonilg‘isiga sintetik dizel yonilg‘isini kompaundlash orqali dizel narxi 15%ga arzonlashtirilgani ta’kidlandi. Iste’molchilarga qulaylik yaratish maqsadida birja savdolariga dizel yonilg‘isini kichiklashtirilgan lotlarda sotish tashkil etilgan.
“Kompaniya tasarrufidagi neft bazalarida benzin bilan bir qatorda dizel yonilg‘isini ham iste’molchilar, jumladan qishloq xo‘jaligi korxonalariga yetkazib berish bo‘yicha barcha infratuzilmalar mavjud”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, 2024-yil davomida dizel yonilg‘isi bo‘yicha uzulishlar bo‘lmagan. Benzin va dizelga bo‘lgan talabni qondirish masalasi “O‘zbekneftgaz” hamda tarmoq korxona rahbarlarining kundalik shaxsiy nazorati ostiga olingan.
Kompaniya zavodidagi barcha neft mahsulotlari, shu jumladan, benzin ham 1-yanvardan faqat birja orqali sotila boshlandi. Undan keyin “Carvon” (sobiq “UNG Petro”) AYQShlar tarmog‘i shoxobchalarida Ai-80 benzini narxi keskin oshgani ma’lum bo‘ldi.