O‘zbekistonliklar Polshaga mavsumiy dehqonchilik ishlariga taklif qilinmoqda. Bu bo‘yicha Migratsiya agentligining “Xorijdaish” platformasida e’lon berildi.

Fuqarolar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini terish bo‘yicha ishlarda ishlashlari mumkin. Ularga qancha miqdorda oylik ish haqi berilishi keltirilmagan.

Ish haftada 30 soatni (2/5) tashkil etadi. Nomzodlar 18 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lishi kerak. Tibbiy sug‘urta xarajatlarini qoplab berish nazarda tutilmagan.

Hozirda 1 mingta bo‘sh ish o‘rniga qabul davom etmoqda. Arizalarni havola orqali 13-yanvargacha jo‘natish mumkin.

Fuqarolar safar xarajatlarini qoplash uchun quyidagi tartibda kompensatsiya olishlari mumkin:

  • xorijiy til yoki kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirib, sertifikat olganda — BHMning 3 baravarigacha miqdorda (1 mln 125 ming so‘m);
  • “ishchi viza"ni rasmiylashtirish uchun — BHMning 5 baravarigacha miqdorda (1,87 mln so‘m);
  • chipta xarid qilishga — BHMning 2 baravarigacha miqdorda (750 ming so‘m).

O‘zbekistonliklar Buyuk Britaniyaga mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga taklif etilmoqda. Nomzodlarni ro‘yxatga olish 10-yanvar kuni o‘tkazilib, saralanganlar bilan onlayn suhbat 14−15 yanvar kunlari tashkil etiladi.