Birlashgan Arab Amirliklarining “Binghalib Group” elektrotexnika xoldingi biznesning bir qismini O‘zbekistonga ko‘chirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.
Guruh rahbari Muhammad Bengalib hafta boshida “IT Park” delegatsiyasini qabul qildi. Tomonlar mamlakatda yangi ofis ochish, shuningdek, Yaqin Sharq mamlakatlaridan kelgan mijozlarga xizmat ko‘rsatishni tashkil etish rejalarini muhokama qildilar.
Kompaniya vakillari ishchi kuchi tannarxining pastligi va xodimlarning chet tillari bo‘yicha malakasi yuqoriligini ta’kidlashdi. Kompaniya kelgusi 3−5 yil ichida mamlakatda 2 mingdan ziyod ish o‘rni yaratishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, Binghalib kompaniyaning O‘zbekistonni tanlashiga sabablardan biri sifatida investorlar uchun mavjud imkoniyatlarni alohida ta’kidladi. Uning aytishicha, mamlakatdagi biznes sharoitlari Yaqin Sharqdagi maxsus iqtisodiy hududlarga qaraganda ancha moslashuvchan ekan.
“IT Park” delegatsiyasi Amirliklar kompaniyasining biznesini mahalliylashtirish va kengaytirish jarayonida ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi. Ushbu hamkorlik natijasida Yaqin Sharq bozorlariga raqamli eksport ulushini oshirish mumkinligi kutilmoqda.
“Binghalib Group” 1982-yilda tashkil etilgan bo‘lib, sanoat va uy xo‘jaliklari uchun elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasida faoliyat yuritadi. Ayni paytda xolding mahsulot ishlab chiqish va ishlab chiqarish, uskunalarni o‘rnatish va ularga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi 16 ta bo‘linmani o‘z ichiga oladi. Mahsulot spektri aloqa qurilmalari, o‘lchov-nazorat texnikasi, “aqlli uylar” uchun yechimlar va boshqalarni o‘z ichiga oladi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Dubay orqali reeksport qilishni yo‘lga qo‘yishi mumkinligi haqida yozgandi.