“KFC” va “Pizza Hut” tarmoqlariga egalik qiluvchi Amerikaning “Yum! Brands” korporatsiyasi Turkiyaning “IS Gida” kompaniyasi bilan franshiza shartnomasini bekor qilganini e’lon qildi. Bu haqda “Euronews” xabar bermoqda.

Natijada Turkiyadagi 283ta “KFC” va 254ta “Pizza Hut” restorani vaqtincha yopiladi. “Yum! Brands” vakillari aytishicha, kelishuvning bekor qilinishiga “mahsulot sifati bilan bog‘liq muammolar sabab bo‘ldi, bu esa daromadlarning jahon bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan pastga tushishiga olib keldi”.

Kompaniya Turkiyada yangi hamkor boshqaruvi ostida restoranlarni imkon qadar tezroq qayta ochish uchun harakat qilayotganini ta’kidladi.

“Shartnomani bekor qilishdan oldin „Yum! Brands“ bir necha oy davomida „IS Gida“ bilan hamkorlik qilib, yordam ko‘rsatdi va asosiy muammolarni hal qilishga urinib ko‘rdi. Biroq, kompaniya bizning standartlarimizni bajarishni va franchayzing bitimlarining asosiy shartlariga rioya qilishni ta’minlay olmadi”, — dedi “Yum! Brands"ning moliyaviy direktori va franchayzing bo‘yicha rahbari Kris Terner.

Qayd etilishicha, restoranlarning yopilishi vaqtinchalik bo‘ladi, chunki “Yum! Brands” kelajakda yana Turkiya bozoriga qaytishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, kompaniya joriy qaror 2025-yildagi foydasiga ta’sir qilmasligini ta’kidladi.

Ternerning qo‘shimcha qilishicha, “Yum! va uning brendlari Turkiya bozorida mijozlarimizga yana xizmat ko‘rsatish imkoniyatini intiqlik bilan kutmoqda.

Kompaniya, shuningdek, “IS Gida” bilan franchayzing shartnomasini bekor qilish bilan bog‘liq huquqiy jarayonlarni allaqachon boshlaganini tasdiqladi.

Bayonotda alohida ta’kidlanishicha, “IS Holding” tomonidan boshqariladigan Germaniyadagi “Pizza Hut” va “KFC” filiallariga ushbu qaror ta’sir qilmaydi.


Avvalroq O‘zbekistondagi birinchi “Pizza Hut” restorani 2024-yil iyul oyi boshida ochilishi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, yil oxirigacha 4ta filial, jumladan, “Tashkent City Mall” va “Seoul Mun"da ishga tushirilishi rejalashtirilgani qayd etilgandi.