2025-yilning 1-iyulidan O‘zbekistonda fuqarolik pasporti va boshqa hujjatlarning elektron nusxasi ham rasmiy kuchga ega bo‘ladi. Bu haqda hukumatning 2024-yilning 27-dekabridagi qarorida nazarda tutilgan.

Hujjat bilan “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi doirasida belgilangan hujjatlarning unifikatsiyalangan raqamli servislari joriy etiladi.

Yagona portal (my.gov.uz) va “Ijtimoiy karta” mobil ilovasida raqamli servislardan foydalanish imkoniyati yaratilib, ular O‘zbekiston hududida majburiy tartibda qabul qilinadi.

Bu ro‘yxatda quyidagi hujjatlar mavjud:

  • Biometrik pasport;
  • ID-karta;
  • Haydovchilik guvohnomasi;
  • Tug‘ilganlik haqida guvohnoma;
  • Nikoh qayd etilganligi haqida guvohnoma;
  • Nikohdan ajralganlik haqida guvohnoma;
  • Avtomobil ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma (texnik pasport, texnik talon);
  • Pensiya (nafaqa) guvohnomasi;
  • Fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning yashash guvohnomasi (ID-kartasi);
  • Nogironlik to‘g‘risida ma’lumotnoma;
  • Avtomobilning majburiy sug‘urtasi (fuqarolik javobgarligi) bo‘yicha sug‘urta polisi;
  • Oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar va professional ta’lim olganlik to‘g‘risidagi rasmiy hujjat;
  • Talabalik guvohnomasi;
  • YTT sifatida ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;
  • O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma;
  • Turar joy obyektlarining kadastr pasporti;
  • Avtomobilni boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma.

Bunda mazkur hujjatlarning qog‘oz nusxalari banklarda, notarial idoralarda, aeroportlarda ichki reyslarni ro‘yxatdan o‘tkazishda va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi poyezdlarga chiqishda talab etilmaydi.

Shu bilan birga, davlat, korporativ va boshqa xizmatlar, jumladan, elektron xizmat ko‘rsatish hamda fuqarolarni qabul qilishda tegishli hujjatlarni taqdim etishni talab qiladigan davlat organlari va boshqa tashkilotlarda ularni so‘rashga yo‘l qo‘yilmaydi.

2024-yilning may oyida Personallashtirish agentligining ma’lumotlar bazasida jismoniy shaxsni “Face ID” orqali identifikatsiya qilish tizimi joriy etildi. Davlat xizmatlari markazlari hamda notarial idoralarda Mobile-ID tizimida identifikatsiya va qayta identifikatsiyadan o‘tish bepul amalga oshiriladi.

Joriy yildan Aholining yagona elektron reyestri joriy etilishi belgilangan. U o‘z ichiga jismoniy shaxslarning fuqarolik holati va shaxsiga doir ma’lumotlarni oladi.