Avvalroq 2025-yil uchun davlat dasturi loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan transformatsiya doirasida korporativ dasturlarni ishlab chiqishda yirik korxonalarda ESGni joriy etish nazarda tutilgan. “Tejamkorlik va barqarorlik” tamoyillaridan foydalanish samarasiz xarajatlarni kamaytirish imkonini berishi kutilmoqda.
Kamida 5ta yirik sanoat korxonasida ESG hisoboti yo‘lga qo‘yiladi va oshkor etish amaliyoti joriy etiladi. OKMK, NKMK, “O‘zbekneftgaz,” “Uzbekistan Airports” va “Uzbekistan Airways” kabi kompaniyalar tomonidan ESG reytingi olinishi ta’minlanadi.
Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida tajriba-sinov tariqasida ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat zonalarini tashkil etish rejalashtirilgan.
1-avgustdan boshlab texnik jihatdan tartibga solish doirasida ekologik me’yor va qoidalarni qabul qilish tartibini belgilash ko‘zda tutilgan. 1-oktabrdan energetika, kimyo sanoati va qurilish materiallari ishlab chiqarishda ekologik normativlarni tarmoq usulida belgilashni joriy etish taklif etildi.
Tabiatni muhofaza qilish yechimlarini joriy etayotgan, atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan korxonalar uchun bir qator imtiyozlar joriy etiladi:
- monitoringi stansiyalari o‘rnatilganligi uchun — tabiatga zarar yetkazish bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlarining 50%gacha bo‘lgan qismini qaytarish, shuningdek, ular bo‘yicha qarzdorlikdan ozod qilish;
- chang-gaz va lokal suv tozalash uskunalarini (filtrlar) o‘rnatilganligi uchun — kompensatsiya to‘lovlarining 70%gacha qismini qaytarish.
Ekologik startaplarni, shu jumladan cho‘llanishga qarshi kurashish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha loyihalarni qo‘llab-quvvatlanadi. Ekologiya jamg‘armasiga bu maqsadlar uchun 25 mlrd so‘m ajratiladi.
Tarmoq, sohalar va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha yangi investitsiya dasturlari va loyihalar xarajatlarining 10%i “yashil komponentlar"ga bo‘lishi kerak. 2027-yildan bu ko‘rsatkichni 25%ga, 2030-yildan esa 50%ga yetkazish rejalashtirilgan.
Hududlar hokimliklarida ekologiya va “yashil rivojlanish” masalalari bo‘yicha konsultant lavozimlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Tuman va shaharlar uchun ekologik pasportlar va master-rejalar, hududlarning ekologik reytingi joriy etiladi.
Avvalroq ekofaol oilalarga iste’mol kreditini olishda chegirmalar berilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Bundan tashqari, “yashil oila” maqomini olgan oilalarga har yili lotereya orqali elektromobil olish imkonini yaratish taklif etilmoqda.