Energetika vazirligida elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarida yuzaga kelayotgan masalalar bo‘yicha muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov boshchiligidagi uchrashuvda Toshkentda faoliyat yuritayotgan “Tok Bor”, “Megawatt Energy”, “GreenTE”, “Q.Watt”, “TezTok”, “Mustang Energy”, “Voltauto”, “EBB Charging” hamda “Spectre Energy” kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi. Bundan tashqari, unda Bosh prokuratura, “O‘zenergoinspeksiya”, Kadastr agentligi, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Yashil energiya” va Toshkent shahar hokimligi mutasaddilari qatnashdi.

Anjumanda poytaxtda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari elektr ta’minotidan o‘chirib qo‘yilayotgani bilan bog‘liq holat muhokama qilindi. Subiste’molchi sifatida aholiga xizmat ko‘rsatib kelayotgan kompaniyalar o‘zlari duch kelgan muammolar haqida gapirib berdilar. Mutasaddilar esa bu borada izoh berdi.

Energetika vazirligi quvvatlash stansiyalarini tarmoqdan uzish bo‘yicha topshiriq bermaganligini hamda ularni qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidladi. Shu bilan birga, tadbirkorlardan qonunchilik talablariga amal qilgan holda faoliyat yuritishlari so‘raldi.

Uchrashuv yakunida bunday muloqotlarni tez-tez o‘tkazib turishga kelishildi. Shuningdek, tadbirkorlar va soha mutasaddilari fikr-mulohazalari asosida takliflar ishlab chiqiladi.

“Elektrzapravkalar"dagi o‘chirilishlar

17-dekabr kuni O‘zbekistonda elektromobillarni zaryadlash stansiyalari majburiy ravishda o‘chirilayotgani ma’lum bo‘ldi. Bir nechta bozor ishtirokchilarining “Spot"ga xabar berishicha, stansiyalardagi birinchi uzilishlar bir hafta oldin boshlangan.

Kompaniyalar o‘chirilishlar haqida ogohlantirilmaganini hamda huquqiy hujjatlar taqdim etilmaganini ta’kidlashdi. Bu haqida ular stansiyalar faoliyatini nazorat qilish vaqtidagina bilib olishgan.

Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev vazirlik tomonidan stansiyalar faoliyatiga hech qanday cheklovlar kiritilmaganini “Spot"ga ma’lum qildi. “Energetika vazirligi O‘zbekistonda elektromobillarni ommalashtirish tarafdori”, — dedi u.

Elektromobillarni quvvatlash stansiyalari operatorlari Kadastr agentligidan stansiyalarni demontaj qilish talabi bilan ko‘rsatma oldi. Agentlikning “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, tekshiruvlar natijasida yer uchastkalaridan “maqsadsiz” foydalanish holatlari aniqlangan. Xususan, boshqa maqsadlar uchun ajratilgan hududlarda stansiyalar o‘rnatilgan.

Undan keyin O‘zLiDeP deputati Nuriddin Sultonov elektromobillarni quvvatlash stansiyalari o‘chirilayotgani yuzasidan Energetika vazirligi va Kadastr agentligiga so‘rov yubordi. Deputat stansiyalar faoliyati cheklanishi hamda demontaj ishlarining qonuniyligi yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berishni so‘ragandi.

Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov 2024-yilning dekabr oyi o‘rtalarida tegishli idoralar tomonidan reyd o‘tkazilib, shu kunning o‘zida bir qancha stansiyalar o‘chirilganini bildirgandi. Idoralar aralashuvidan so‘ng elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari elektr tarmog‘iga qayta ulangan.

Biroq bir nechta bozor ishtirokchilari “Spot"ga vazirlik bayonotiga qaramay, avval o‘chirilgan quvvatlantirish stansiyalarining barchasi tarmoqqa qayta ulanmaganini ma’lum qildi.