O‘zbekistonda yoshlarni chet tiliga o‘qitish tizimini takomillashtirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida keltirilgan.
Buning uchun 2025-yilning fevralidan boshlab “Ibrat farzandlari” loyihasini rivojlantirish va uning doirasida “Ibrat academy” mobil ilovasini yaxshilab borish taklif etilmoqda. “Ibrat — tillar oromgohi” hamda “Xorijiy tillar marafoni"lari o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, chet tillarini o‘qitishga ixtisoslashgan xususiy o‘quv markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish choralari ko‘riladi.
Xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha yuqori ball (daraja) to‘plagan 7 ming nafar yoshlarning esa imtihon topshirish xarajatlarini to‘liq qoplab berish belgilanmoqda.
Yoshlar texnika va texnologiyalardan foydalanishlari uchun ularning 8 ming nafarini zamonaviy kasblarga o‘qitish taklif etilmoqda.
2025-yilning fevralidan hududlarda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan o‘quv markazlarini ochish hamda malakali o‘qituvchilar bilan ta’minlash choralarini ko‘rish belgilanmoqda. Bu yoshlarni chet tillariga qiziqishlarini oshirishga qaratilgan.
Xalqaro imtihon xarajatlarini qoplash
Hozirda mamlakatda yoshlarning xalqaro darajadagi chet tili hamda IT-sertifikatlari bo‘yicha imtihon xarajatlarini qoplab berish tizimi mavjud. Bundan tashqari, ularga xorijiy tilni o‘rganish xarajatlarini qoplashga BHMning 3 baravari (1 mln 125 ming so‘m) miqdorida moddiy yordam beriladi.
Xarajatlarni qoplash bo‘yicha xizmatlar Yagona portal orqali bepul amalga oshiriladi. Chet tili xarajatlari uchun bu yerda, IT-sertifikatlar uchun esa bu yerda ariza qoldirish mumkin. Bunda mablag‘lar bir kunda plastik kartaga o‘tkazib beriladi. Hozirda chet tili bo‘yicha xalqaro imtihon turlari soni 18taga yetgan. “O‘zbekistonning IT-iste'dodlari” portalidagi sertifikatlar soni esa 279tani tashkil etmoqda.
IT-sertifikatlarga ega yoshlarga o‘qish hamda sertifikatlarni olish xarajatlarining 60%igacha qismiga kompensatsiya taqdim etiladi. Agar nomzod ingliz tili bo‘yicha B2 va undan yuqori bo‘lsa, xarajatlarni 100% qoplab olishi mumkin.
“Spot” IT-sertifikatlar uchun sarflangan mablag‘ning belgilangan qismini qanday qaytarib olish mumkinligi haqida videoqo‘llanma taqdim etgandi.
Avvalroq 300 nafardan ortiq yoshlarning xalqaro imtihon xarajatlariga vaqtida kompensatsiya berilmagani aniqlangandi.