Avvalroq 2025-yil uchun davlat dasturi loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.

Joriy yilning 1-mayidan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida ayrim yo‘nalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirishni taqiqlash taklif etilmoqda.

Bunga quyidagilar kiradi:

  • asbest, sement ishlab chiqarish, shlam va shlaklar;
  • teri-ko‘nchilik, parrandachilik fabrikalari;
  • samaradorligi yuqori bo‘lgan chang-gaz tozalash inshootlari bilan jihozlanmagan har qanday turdagi ko‘mir yoqish;
  • qora va rangli metallurgiya zavodlari, tarkibida zaharli aralashmalar bo‘lgan oyna, zaharli kimyoviy moddalar bilan ishlash;
  • xavflilik darajasining I va II sinfiga mansub chiqindilarni qayta ishlash va yoqish korxonalari.

Buning uchun Ekologiya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mahalliy hokimliklar bilan 1-oktabrgacha asoslantirilgan takliflarni hukumatga kiritishi kerak. U energiya sig‘imi yuqori bo‘lgan yo‘nalishlardagi mavjud quvvatlarni Toshkent va Nukus hamda viloyat markazlaridan ko‘chirishni nazarda tutadi.

Loyiha bilan 2025-yil yakunigacha “Yevro-4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni cheklash uchun “barcha kuch va resurslarni safarbar etish” taklifi ilgari surilmoqda.

Mamlakatning barcha hududlarida joylashgan issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonalariga yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanish taqiqlanishi mumkin. Bunda Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda avariyaviy yoqilg‘i sifatida foydalanish holatlari mustasno.

1-noyabrgacha Ekologiya vazirligi tomonidan plastik qadoqlarni yoki plastik qadoqlarda mahsulot ishlab chiqaruvchi hamda import qiluvchilarga “taralarni qaytarish”, bu turdagi chiqindilarni qabul qiluvchi maxsus joylar va uskunalarni o‘rnatish orqali yig‘ib olish va utilizatsiya qilish yoki utilizatsiya yig‘imini to‘lash bo‘yicha kengaytirilgan majburiyatni joriy qilish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

2024-yil boshida Energetika vazirligi O‘zbekistonda 2026-yilgacha Ai-80 benzinini ishlab chiqarishdan voz kechish rejalashtirilayotganini bildirdi. Buning uchun elektromobillarni ommalashtirish va ular uchun infratuzilmani yaratish, AI-92 benzini ishlab chiqarishni ko‘paytirish, metan “zapravka"larga gaz yetkazib berish va boshqalar hisobga olingandi.

Undan keyin, Shavkat Mirziyoyev 2025-yildan AI-80 markali benzinidan voz kechish masalasini “uzil-kesil” hal qilish bo‘yicha bosh vazir Abdulla Aripovga topshiriq berdi.

Biroq, prezidentning o‘tgan yilning sentabr oyida qabul qilingan qarori bilan bu 2028-yilga qoldirilgandi. “Yevro-4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni bosqichma-bosqich cheklash topshirilgan.

2024-yilning aprel oyida Fransiyaning “Aksens” kompaniyasi “O‘zbekneftgaz"ga Buxoro NQIZni modernizatsiya qilishda yordam berishi ma’lum bo‘ldi. Noyabr-dekabrda esa AI-91 va AI-92 benzinlarini ishlab chiqarish, 2025-yil boshidan AI-80 benzinidan butunlay voz kechishni boshlash belgilangandi.