8-yanvar kuni tovar-xom ashyo birjasida (O‘zRTXB) barcha asosiy yoqilg‘i turlarining narxi oshdi. Bu haqda “Spot” o‘rgangan ma’lumotlardan ma’lum bo‘ldi.
Narxning eng sezilarli o‘sishi AI-92 rusumli avtobenzinida bo‘lib, uning sotilgan hajmi 162 tonnani tashkil etdi. Savdo kuni yakuniga ko‘ra, bir tonna yoqilg‘i 12,736 mln so‘m — 4,2%ga yoki bir kun oldingi savdo natijasiga nisbatan 518,9 ming so‘mga qimmatlashdi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi matbuot xizmatining “Spot"ga ma’lum qilishicha, AI-92 narxining oshishi “O‘zbekneftgaz” tomonidan ishlab chiqarilgan benzin narxining oshishi bilan emas, balki qimmatroq import yoqilg‘isining sotilishi bilan bog‘liq.
“O‘zbekneftgaz” oktabr oyi oxirida yuqori oktanli benzin sotishni boshladi. Bu vaqt ichida yoqilg‘i 6,2%ga, dekabr oyi boshida eng past narxga erishganidan beri esa 8,1%ga qimmatlashdi.
AI-80 benzini narxining o‘sishi ancha kam — 0,3% bo‘ldi. Uning narxi bir tonnasi uchun 9,33 mln so‘mga teng bo‘lib, bu noyabr oyida o‘rnatilgan yuqori chegaraga yaqin. Mazkur yoqilg‘ini sotish hajmi 2,2 ming tonnadan ortiqni tashkil etdi.
Dizel yoqilg‘isi 1,7%ga qimmatlashdi va tonnasi uchun 12,84 mln so‘mga yetdi, sotuv hajmi esa 2,1 ming tonnadan sal kamroqni tashkil etdi. Oy boshidan buyon u 2,5%ga qimmatlashgan.
Bir tonna suyultirilgan gaz narxi 6,27 mln so‘m yoki o‘tgan kunga nisbatan 1,6%ga qimmat bo‘ldi. Shu bilan birga, u oldingi davrlarga nisbatan sezilarli darajada kamaydi — o‘tgan haftada 1,1%ga va dekabr oyi boshiga kelib 15,5%ga.
1-yanvardan boshlab Buxoro NQIZning barcha neft mahsulotlari birja orqali raqobatli savdolarda sotilishi tartibi kuchga kirdi. “O‘zbekneftgaz” benzinga bo‘lgan talabni qoplash masalasi davlat nazoratiga olinganini ma’lum qildi.
Dekabr oyida davlat kompaniyasi birjada AI-80 benzini taklifini kuniga 8000 tonnagacha oshirgan. Mazkur yechim metan “zapravka"lar uchun joriy etilgan cheklovlar fonida qabul qilindi.
“O‘zbekneftgaz” aholini benzin va dizel bilan ta’minlash uchun “yetarli zaxiralar” mavjudligini bildirdi. Shuningdek, kompaniya benzin zaxirasini qariyb 4 barobarga — 60 ming tonnadan ortiqqa oshirdi.
Yil boshida “Carvon” (sobiq “UNG Petro”) yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i AI-80 benzinining narxini 18%ga — bir litri uchun 8150 so‘mgacha oshirdi. Boshqa AYQShlarda bir litr AI-80 benzini 8400 so‘mdan 9000 so‘mgacha sotiladi.
Avvalroq “Spot” 2025-yil oxirigacha AI-80 sotuvini cheklash taklif etilayotganini yozgandi.