Avvalroq 2025-yil uchun davlat dasturi loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan daraxt va o‘simliklar ekilib, “Soyali sayr ko‘chalari” tarmog‘i yaratilishi rejalashtirilmoqda. Sohil va daryo bo‘ylarida 80ta infratuzilma obyekti va 110 km.dan ortiq sog‘lomlashtirish yo‘laklari quriladi.
Shuningdek, “yashil” parklarga quyosh panellari yordamida quvvatlanuvchi yoritgichlar o‘rnatiladi. Orolbo‘yi mintaqasida o‘rmonzorlar 2,1 mln gektarga yetkaziladi. Bundan tashqari, o‘rmon bilan qoplangan maydonlar 4,1 mln gektarga kengaytiriladi.
1-iyulgacha Sanitariya-epidimiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi laboratoriyalarini oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi transyog‘larni aniqlash uskunalari bilan jihozlash taklif etilmoqda.
Shu bilan birga, 1-avgustgacha oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda transyog‘lardan foydalanishning cheklangan miqdorini belgilash bo‘yicha sanitariya qoidalari va me’yorini JST talablariga muvofiqlashtirish belgilangan.
Stomatologiya xizmatlari, shuningdek, tibbiy tahlillar to‘liq autsorsing asosida xususiy sektorga o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Barcha poliklinikalarda shifokor qabuliga elektron navbat joriy etiladi.
1-iyulgacha tibbiyot va farmatsevtika xodimlari faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi joriy etiladi. 1-noyabrgacha tibbiy sug‘urta mexanizmi joriy etilayotgan hududlarda elektron retsept tizimini joriy etish mo‘ljallanmoqda.
Tibbiyot xodimlari mehnat samaradorligini baholash ko‘rsatkichlari ishlab chiqilib, uning asosida xodimlar oyliklariga qo‘shimcha ustama berish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, 2025−2026 o‘quv yilidan “Green University"da “sirkulyar iqtisodiyot” yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Toshkent shahri va barcha hududlarda universitetning “yashil” texnikumlari tashkil etiladi.
Avvalroq “Spot” 37 toifadagi oziq-ovqat va boshqa tovarlar uchun nol bojlar uzaytirilgani haqida yozgandi.