Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabr kuni ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, “Sijjak” dam olish oromgohidagi Davlat aktivlarini boshkarish agentligi tomonidan qabul qilingan mol-mulklar O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasiga mulk hukuki asosida o‘tkazib beriladi.
Ushbu dam olish maskani muqaddam Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan, 2017-yilda musodara qilingan. Uni dastlab O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi qoshidagi o‘quv-mashg‘ulot bazasi sifatida foydalanish, keyinchalik esa triatlon federatsiyasi balansiga o‘tkazish ko‘zda tutilgan edi.
2019-yilda “Sijjak qo‘rg‘onidagi hashamatli qarorgoh ichidagi barcha jihozlari bilan O‘zbekiston triatlon federatsiyasiga tekin foydalanishga berilgan.
5,38 gektar hududni egallagan mazkur obyekt 2021−2022 yillarda bir necha bor sotuvga qo‘yilgan, ammo xaridor chiqmagan.
Xususan, 2022-yilning oktabrida Toshkent viloyatidagi “Sijjak” dam olish maskani boshlang‘ich bahosi 70,1 mlrd so‘m, zakalat puli esa 3,5 mlrd so‘m bilan sotuvga qo‘yilgandi.
Prezidentning 2023-yil 15-iyundagi farmoni bilan “Sijjak” dam olish maskani xususiylashtiriladigan obyektlar ro‘yxatidan chiqarilgandi.
Mazkur farmon bilan “Sijjak” dala hovlisi 124-maktab-internatning balansida saqlanadi, uni sotish yoki faoliyat turini o‘zgartirish taqiqlangan.
Avvalroq Shveysariyaning “Lombard Odier” banki Gulnora Karimova ishi bo‘yicha pul yuvishda ayblangani haqida yozgandi.
Prokuratura aybloviga ko‘ra, bank Karimovaning gumon qilinayotgan jinoiy faoliyatini yillar davomida yashirishda “hal qiluvchi rol” o‘ynagan.