“Telegram” 2024-yilda AQSh hukumatiga 2200 dan ortiq foydalanuvchi haqida ma’lumot taqdim etgan. Bu haqda “404 Media” nashri xabar berdi.
O‘tgan yilning 1-yanvaridan 30-sentabrigacha bo‘lgan davrda “Telegram” AQShning “IP-manzil va/yoki telefon raqamlari"ni so‘ragan 14ta talabini bajargan, bu esa jami 108 nafar foydalanuvchiga taalluqli bo‘lgan.
Biroq, 2024-yil davomida messenjer AQShdan kelgan 900ta so‘rovni bajardi va bu 2253ta foydalanuvchiga ta’sir ko‘rsatdi. Bu esa 2024-yilning so‘nggi choragida, Pavel Durov Fransiyada hibsga olinganidan so‘ng, bajarilgan so‘rovlar soni keskin oshganini anglatadi.
Durov hibsga olinganidan bir oy o‘tgach, “Telegram” o‘zining maxfiylik siyosatini yangiladi. Endi messenjer sud qarori mavjud bo‘lsa, davlatlarga foydalanuvchi shaxsiy ma’lumotlarni taqdim etadi.
Biroq 2024-yilda faqat AQSh emas, balki boshqa mamlakatlar ham “Telegram"ga ma’lumot so‘rab ko‘proq murojaatlar yubora boshladi. Bu davlatlar orasida Hindiston (14641ta so‘rov), Ispaniya (213ta so‘rov), Belgiya (223ta so‘rov), Braziliya (302ta so‘rov) va boshqalar bor.
Ammo “Telegram” Rossiya, Ukraina, Belarus, Xitoy, Indoneziya, Isroil, Qozog‘iston, Yaponiya, Meksika, Yangi Zelandiya, Tailand va Turkiyadan kelgan so‘rovlarni qondirmadi.
Avvalroq Pavel Durov “Telegram"ning joriy yildagi daromadi $1 mlrddan oshgani haqida xabar bergandi.
Durovning qayd etishicha, daromadga “Premium” obunachilar sonining ko‘payishi, reklama narxining oshishi va yangi monetizatsiya tizimi orqali erishilgan.