Avvalroq 2025-yil uchun davlat dasturi loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan mamlakatda jamoat transportining ekologik toza yoqilg‘iga o‘tkazilishini tezlashtirish rejalashtirilmoqda.
Xususan, Toshkent shahrida tramvay liniyasini qurish loyihasi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslash (TIA) ni ishlab chiqish taklif etilmoqda.
Loyiha xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan 2025-yilning sentabrigacha amalga oshirilishi kerak.
Bundan tashqari, joriy yilda poytaxt jamoat transporti uchun 200ta elektrobus hamda ular uchun quvvatlash uskunalari olib kelinadi.
Nukus va Namangan shaharlarining har biriga 50tadan, Samarqand shahriga esa 250ta elektrobus olib kelish, quvvatlash uskunalarini xarid qilishni nazarda tutuvchi loyihalarning TIAni ishlab chiqish belgilanmoqda. Loyiha joriy yilning avgustigacha tayyorlanadi.
Shuningdek, noyabrgacha “Urganch-Xiva” yo‘nalishiga yangi 10ta trolleybuslarni xarid qilish choralari ko‘riladi.
Toshkent shahrida tramvay harakati 2016-yil may oyi boshida to‘xtatilgan. Bu mavzu shu kungacha muhokama qilinib kelinmoqda. 2022-yil boshida prezident poytaxtga tramvayni qaytarish rejalarini ma’lum qildi. Iyunda davlat rahbari tramvay yo‘li qurilishini tezlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
O‘sha yilning noyabrida esa Fransiyaning “Alstom” kompaniyasi Toshkentda tramvay yo‘llarini qurishi ma’lum bo‘ldi. Loyiha qiymati 167,4 mln yevroga baholangan bo‘lib, liniyalardan biri “Do‘stlik” metro bekatidan boshlanib, “Yangi O‘zbekiston” ko‘chasi bo‘ylab o‘tishi mumkin edi.
2024-yilning martida Transport vaziri Ilhom Mahkamov “Gazeta.uz"ga bergan intervyusida Fransiya kompaniyasi TIA ishlab chiqishini, shunga qaramay, tramvay liniyasini qurish bo‘yicha tanlov o‘tkazilishini qayd etgandi.
O‘tgan yil boshida Xitoyning “CRRC Group” kompaniyasi “yashil transport yo‘lagi"ni joriy etish doirasida g‘ildirakli tramvaylarni Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasida transport tizimiga integratsiya qilishni taklif etdi.
Avvalroq poytaxt avtobuslarida yo‘l haqini naqd pulda to‘lagan yo‘lovchilar jarimaga tortilishi haqida xabar berilgandi.