Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda notanish raqamlardan qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob berilganda bank kartalaridan pul avtomatik tarzda yechib olinayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

Banklar hamda to‘lov tashkilotlari mobil ilovalarida firibgarlikning oldini olishga qaratilgan xavfsizlik choralari ko‘rilgani qayd etildi.

Bunda mobil ilovalardan ro‘yxatdan o‘tishda telefon raqamni ko‘rsatish hamda SMS-xabar orqali kelgan kodni kiritish talab etiladi. Shu bilan birga, shaxsni tasdiqlash uchun qo‘shimcha biometrik identifikatsiyadan o‘tiladi.

Muvaffaqiyatli ro‘yxatdan o‘tgan fuqaro ilovada o‘ziga tegishli bo‘lgan bank kartasini biriktira oladi. Buning uchun esa kartaga ulangan telefon raqamiga bir martalik tasdiqlash kodi (OTR) yuboriladi.

Kod to‘g‘ri kiritilgandan keyingina bank kartasi ilovaga biriktiriladi. Buning uchun esa mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tishda kiritilgan raqam bilan kartaga ulangan raqam bir xil bo‘lishi kerak.

Banklar va to‘lov tashkilotlari mobil ilovalarida yangidan ro‘yxatdan o‘tganda bank kartalaridan foydalanish 1 soatgacha cheklanadi.

Mobil ilovadagi login va parol hamda bir martalik kodni firibgarlarga berish yoki messenjerlar orqali tarqalayotgan zararli APK-fayllarni o‘rnatish bank kartasidan noqonuniy ravishda pul yechib olishga olib kelishi mumkin.

Markaziy bank aholi va tadbirkorlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ishonmaslikka chaqirib, faqat rasmiy manbalarga tayanishni tavsiya etdi.

Onlayn bankingning qattiqlashtirilishi

O‘tgan yilning oktabrida Markaziy bank test rejimida shubhali frod operatsiyalarning oldini olish maqsadida onlayn kreditlar berishda vaqtinchalik tartibni joriy qildi. U 2024-yilning 1-noyabridan joriy yilning 1-apreligacha amal qiladi. Fuqarolar qarz olish uchun ariza berishda biometrik identifikatsiyadan o‘tishlari kerak.

Bunda fuqarolar kredit tashkilotining mobil ilovasi orqali kredit ajratish bo‘yicha ariza yuborish jarayonida biometrik identifikatsiyadan o‘tishi talab etiladi. Bundan tashqari, kredit tashkiloti mobil ilovasidan ro‘yxatdan o‘tishda yoki mavjud akkauntga kirishda, onlayn kredit ajratilganidan boshlab 48 soat davomida cheklovlar o‘rnatiladi.

Markaziy bankning sobiq raisi Mamarizo Nurmuratov vaqtinchalik tartib tugagandan so‘ng onlayn kreditlar berish bo‘yicha cheklovlar saqlanib qolishini ma’lum qilgandi. Regulyator besh oy davomida onlayn to‘lovlar va pul o‘tkazmalari asosini belgilovchi mexanizmlarni takomillashtirish hamda qayta ishlashni rejalashtirgandi.

Regulyator 2025-yilning 1-yanvaridan bitta fuqaroga (bitta JShShIRga) beriladigan kartalar sonini bitta bankda 5tagacha, barcha banklarda esa 20tagacha chekladi. Mazkur tartib joriy yilning joriy yilning 31-dekabrigacha amal qiladi. Bunda mazkur talab virtual va kobeydjing kartalarni ham o‘z ichiga oladi, biroq chet el valyutasida ochilgan kartalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Markaziy bank cheklov kartalar bilan bog‘liq shubhali operatsiyalarning oldini olish, firibgarlik sxemalarida aholiga tegishli hisobvaraqlar va bank kartalari ishtirokini kamaytirishga qaratilganini bildirdi.

Bank kartalariga ega jismoniy shaxslarning qariyb 97%ida (22 mln nafar) 5tagacha, 3%ida (770 ming) 5−20gacha hamda 0,03%ida (7 ming) 20tadan ortiq kartalar rasmiylashtirilgan.

Avvalroq regulyator bir yarim yilda birinchi marta to‘lov tashkiloti faoliyatiga ruxsat bergani haqida xabar berilgandi. 2024-yilning oktabrida tashkil etilgan “Oxus Pay"ga mazkur faoliyatni amalga oshirish uchun tegishli litsenziya berildi.